Temiryo‘lchilar kasb bayrami munosib nishonlandi
Poytaxtimizdagi Temiryo‘lchilar madaniyat saroyida soha xodimlarining kasb bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan mazkur muhtasham, fayzli saroyga faxriy temiryo‘lchilar, muhandislar, sohaga endigina kirib kelayotgan yoshlar taklif etildi.
Aytish kerakki, 2024 yil nishonlanayotgan O‘zbekiston temir yo‘l transporti xodimlari kuni Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilganining 30 yilligiga to‘g‘ri kelmoqda. Temiryo‘lchilarning bu yilgi kasb bayrami sohada katta o‘zgarishlar davri bilan bog‘liq.
[gallery-18565]
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakat temir yo‘l transporti xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.
Bayram tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev temiryo‘lchilar oldidagi vazifalar, istiqbolli loyihalar haqida so‘zladi.
Darhaqiqat, mustaqillik yillarida O‘zbekiston temiryo‘lchilari tomonidan 2 ming 297 kilometrdan ortiq temir yo‘llar qurildi. 4961,3 kilometr temir yo‘llar rekonstruksiya qilindi, 2088 kilometri elektrlashtirildi.
“Navoiy – Uchquduq – Sulton Uvaystog‘ – Nukus”, “Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on”, “Hayraton – Mozori Sharif”, “Angren – Pop” elektrlashtirilgan temir yo‘li, “Qamchiq” temir yo‘l tunneli qurildi. “Buxoro – Miskin”, “Maroqand – Qarshi”, “Qarshi – Termiz” kabi temir yo‘l uchastkalari elektrlashtirildi.
“Toshkent – Samarqand – Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob” elektropoyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan soha xodimlari tomonidan Markaziy Osiyoda yagona Toshkent yer usti metropoliteniga asos solindi.
Bugungi kunda umumiy uzunligi 23,7 km bo‘lgan, 14 ta bekatdan iborat Toshkent shahrida yer usti halqa metro liniyasi poytaxt aholisi va mehmonlarga sifatli xizmat ko‘rsatmoqda.
Soha xodimlarining 6 nafari “O‘zbekiston Qahramoni” degan yuksak unvonga musharraf bo‘lgani temir yo‘llar rivojiga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibordan darak beradi.
Yig‘ilishda e’tirof etilganidek, davlatimiz rahbarining 2023 yil 10 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan temir yo‘l transporti sohasini isloh qilish, sog‘lom raqobat muhitini yaratish, sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish, biznes jarayonlarini raqamlashtirish, boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish hamda respublikaning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida o‘tgan yilning so‘nggi oylarida sohada tub islohotlar amalga oshirildi.
Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va uning tarkibidagi korxonalar negizida alohida yo‘nalishlar bo‘yicha “Temiryo‘linfratuzilma”, “Temiryo‘lkargo”, “Temiryo‘lekspress”, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa tashkilotlar tashkil etildi.
Shuningdek, bolalar oromgohlari, sog‘liqni saqlash, madaniy-ma’rifiy va sport ob’ektlarini saqlash, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlardan tushadigan tushumlarni oshirish hamda ularni bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tkazish yuzasidan tizimli ishlarni amalga oshirish bo‘yicha “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar” muassasasi tashkil etilib, ayni paytda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan ayni paytda temiryo‘lchilar nainki o‘z sohalaridagi, balki respublikadagi eng yirik loyihalardan biri bo‘lgan Qizilqum sahrosining qoq o‘rtasidan o‘tgan va 2017 yilda qurilgan “Buxoro – Urganch – Xiva” temir yo‘lini elektrlashtirish ishlarini nihoyasiga yetkazmoqda.
Ushbu yo‘nalishning elektrlashtirilishi yaqin muddatlarda “Toshkent – Samarqand – Navoiy – Buxoro – Urganch – Xiva” yo‘nalishida tezyurar hamda yuqori tezlikda harakatlanuvchi ekologik xavfsiz elektropoyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi. Tabiiyki, bu yo‘l uchun ketadigan vaqt, yonilg‘i va boshqa xarajatlarning ham tejalishiga zamin yaratadi. Qolaversa, atrof-muhit ekologiyasiga ham salbiy ta’sirni kamaytiradi.
Soha xodimlarining sa’y-harakati tufayli yuk va yo‘lovchi tashishda ham xavfsizlik to‘liq ta’minlanib, barqaror faoliyat kuzatilmoqda.
Ahamiyatlisi, amalga oshirilayotgan ishlar shu soha xodimlarining zalvorli mehnati bilan bo‘lmoqda. Bugun shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamonda qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan kifoyalanib qolish bo‘lmaydi. Yanada katta marralar, vazifalar, buyuk loyihalar ustida ishlash davr talabi, taraqqiyot kafolati, xalqimiz hayotining yanada farovon bo‘lishi, demakdir.
–Temir yo‘l sohasida 1985 yildan buyon mehnat qilaman, – dedi "O‘zvagonta’mir" aksiyadorlik jamiyati Samarqand deposi katta ustasi, soha faxriysi Mansur Mavlonov. – Ishimni chilangarlikdan boshlab, hozirda katta usta vazifasida davom ettirib kelyapman. Yuk tashish vagonlarini ta’mirlash bilan shug‘ullanamiz. Ishimiz juda mas’uliyatli. Soha rivojiga qaratilayotgan e’tibor temir yo‘llarni yanada ravnaq toptirishga xizmat qilmoqda.
–43 yildan buyon shu sohada ishlayman, – dedi "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati Iqtisodiy tahlil va prognozlash departamenti mutaxassisi Mavjuda Nurmuhamedova. – Buxoro, Qarshi, Toshkent temir yo‘l uzellarida ishladim. Yo‘lovchi, yuk tashish, eksport-import hajmini oshirish borasida salmoqli yutuqlarga erishildi. Ayni paytda hali bajarilishi kerak bo‘lgan rejalar, vazifalar ham bisyor.
Tantanali tadbirda sohada ko‘p yillar davomida samarali mehnat qilgan xodimlar taqdirlandi. So‘zga chiqqanlar temir yo‘l rivoji yo‘lida ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Tantanali tadbirda san’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi konsert dasturi namoyish etildi.
Nazokat Usmonova,
Rustam Nazarmatov (surat),
O‘zA muxbirlari