Ma’lumki, “Tashabbusli byudjet”ning 2025 yilgi 1-mavsumi uchun ovoz berish jarayonlariga 11 martdan start berildi va 20 mart kuni soat 23:59ga qadar davom etadi. Xalqimizning og‘irini yengil qilayotgan, ko‘plab muammolar yechimiga xizmat qilayotgan ushbu xalqchil loyiha yildan-yilga takomillashib, insonlarni davlatdan rozi bo‘lishlariga sabab bo‘lmoqda.
Bu yilgi jarayonlarda qanday o‘zgarishlar ro‘y berdi? Ovoz berish tartib-qoidalari, aholidan kelib tushgan loyihalar va ularga ajratilgan mablag‘lar xususida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi yetakchi mutaxassisi Ulug‘bek Choriyev bilan suhbatlashdik.
- Aytingchi keyingi yillarda “Tashabbusli byudjet”jarayonlarida nimalar o‘zgardi?
- Oliy Majlis Senati Kengashining 2025 yil 13 yanvardagi 34-sonli qarori qabul qilingan. Ushbu qarorga asosan bir qancha o‘zgarishlar kiritildi. Endilikda “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida har qanday xizmat avtomashinalarini xarid qilish ta’qiqlandi. Bundan tashqari joylarda svetoforlar, radar hamda kameralar o‘rnatish bilan bog‘liq loyihalarni hamda “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida ishtirok etishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy ob’ektlarning rahbar xodimlari uchun rahbar xonasiga jihozlar xarid qilish bo‘yicha cheklovlar kiritildi. Maqsad joylardagi infratuzilma loyihalarining qamrovini kengaytirish.
Bundan tashqari “Tashabbusli byudjet” jarayoniga ajratilayotgan mablag‘lar bo‘yicha ham o‘zgarishlar kiritildi. Avvalgi yillarda tuman yoki shaharning moliya yili uchun tasdiqlangan byudjet parametrlarining kamida 5% “Tashabbusli byudjet” jarayonlariga yo‘naltirilayotgan edi.
2025 yildan boshlab “Tashabbusli byudjet” jarayonlari uchun tuman-shaharlarning aholi va mahalla sonidan kelib chiqib, mablag‘lar taqsimlanishi belgilandi. Har bir shahar-tumanning kamida 10ta loyiha yoki maksimal 30taga yetadigan mablag‘ni ajratilishi belgilab berildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/OeABGyho2C4" title="2025 yilgi “Tashabbusli budjet” loyihalari va ovoz berish jarayonlarida nimalar o‘zgardi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Hozirgi kunda bazaviy hisoblash miqdori 375 ming so‘mni tashkil etadi. “Tashabbusli byudjet” loyihalariga ajratiladigan mablag‘ning maksimal qiymati bu bazaviy hisoblash miqdorining 4 ming barobaridan oshib ketmasligi lozim. Bu miqdor 1.5 mlrd so‘mni tashkil etadigan bo‘lsa har bir tuman-shaharda 15 milliarddan 45 milliardgacha mablag‘lar yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA