
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Sharqona yangi yil boshlanadigan qutlug‘ kun – Navro‘zi olam asrlar davomida bahor, ezgulik, mehr-oqibat, mehnat va bunyodkorlik ramzi sifatida el-yurtimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida beqiyos o‘rin tutib kelmoqda.
Bu munavvar ayyom keyingi yillarda Vatanimizda amalga oshirilayotgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun”, degan olijanob g‘oyaga hamohang bo‘lib, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylandi hamda mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarida keng nishonlanmoqda.
Ushbu ulug‘ faslning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan gumanizm, odamzotni butun borliqning gultoji sifatida e’zozlash, ona zamin va tabiatni asrab-avaylash tamoyillari bugungi kunda hayotimizda yanada yorqin namoyon bo‘lmoqda.
Aynan ana shunday ezgu qadriyatlar tufayli yurtimizda aholi manfaatlari va ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, jamiyatning hech bir a’zosini mehr va e’tibordan chetda qoldirmaslik, shahar va qishloqlarimizni obod qilish, yer va suv resurslaridan, barcha tabiat ne’matlaridan oqilona foydalanish ustuvor vazifamizga aylanmoqda.
“Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da nishonlanadigan bu yilgi Navro‘z shodiyonalari shu bois yangicha ruh va mazmun kasb etadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram sifatida e’tirof etilgan Navro‘zi olamning ko‘p millatli jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini, birdamlik ruhini mustahkamlashdagi beqiyos o‘rni va ahamiyatini hisobga olib hamda ushbu ayyomni Yangi O‘zbekistonning bugungi salohiyati va nufuziga har tomonlama munosib tarzda nishonlash maqsadida:
1. 2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayrami mamlakatimizda “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida yuqori saviyada keng nishonlansin.
2. Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va “Nuroniy” jamg‘armasining taklifiga ko‘ra 2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramining
g‘oyaviy-badiiy konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
3. 2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qo‘mita (A.N.Aripov) bir hafta muddatda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlari, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda Konsepsiya asosida ishlab chiqiladigan Navro‘z umumxalq bayramini munosib nishonlash bo‘yicha tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot tadbirlari dasturини tasdiqlasin, shuningdek, uning amalga oshirilishini ta’minlasin.
4. Joylarda Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan barcha tadbirlarni milliy qadriyat va an’analarimiz hamda bugungi islohotlarimizning ma’no-mohiyatiga, Konsepsiyada bayon etilgan asosiy yo‘nalish va tavsiyalarga mos holda, yuksak darajada tashkil etish, ularda yurtdoshlarimizning faol ishtirokini ta’minlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilsin:
bayram tadbirlarini borliqning uyg‘onishi, inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik, ona zaminga mehr va e’tiborni ifoda etadigan, yurtdoshlarimizni bugungi tinch va osuda hayotimizni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga undaydigan ta’sirchan mazmun va shakl bilan o‘tkazish;
mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning kundalik hayoti, ongi va dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar Navro‘zning insonparvarlik va inklyuzivlik mohiyatiga, azaliy qadriyat va an’analariga hamohang ekanini aks ettirish;
bu yilgi Navro‘z bayrami muqaddas Ramazon oyida nishonlanishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama e’zozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan va ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ular uchun bayram dasturxoni yozish hamda turli xayriya tadbirlarini o‘tkazish;
“Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, bayram arafasida barcha hududlarda, ko‘cha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish aksiyalarini, umumxalq hasharlarini o‘tkazish;
jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitini mustahkamlash maqsadida yurtimizda yashayotgan turli millat va elatlar vakillarining milliy urf-odatlari, an’ana va qadriyatlarini keng namoyish qilish;
bayram tadbirlari davomida hunarmandchilik ko‘rgazmalari, milliy sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish, kitob ko‘rgazmalari, arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari, ko‘chma savdo do‘konlari tashkil etish, ko‘klam taomlarini tayyorlash hamda bu borada ko‘rgazmali savdo va tanlovlarni uyushtirish;
barcha shahar va qishloqlarda o‘tkaziladigan bayram tantanalarida, ommaviy axborot vositalarida Navro‘z bayramining tarixi, har bir hududda uni nishonlash bilan bog‘liq udum va an’analarni keng targ‘ib qilish;
Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” majmuasida alohida dastur asosida xalq sayillarini tashkil etish.
5. Madaniyat vazirligi (O.Nazarbekov) Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi (O.Hasanov), Yozuvchilar uyushmasi (S.Saidov) bilan birgalikda bir hafta muddatda Konsepsiyaga muvofiq Toshkent shahrida Navro‘z bayramiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan teatrlashtirilgan asosiy konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqsin.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
a) bir hafta muddatda Navro‘z umumxalq sayillarini o‘tkazish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutadigan hududiy chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:
umumxalq sayillari uyushtiriladigan asosiy maydonlar, ko‘chava xiyobonlarni milliy uslubda bayramona bezatish;
mazkur sayil va tomoshalarni mahalliy tajribali ssenarist va rejissyorlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, folklor san’ati vakillari bilan birgalikda yuqori badiiy saviyada tayyorlash choralarini ko‘rish;
bayram tadbirlari doirasida har bir hududga xos bo‘lgan xalq o‘yinlari, tomoshalar, ko‘rgazmalar o‘tkazish, bahoriy taomlar sotiladigan ochiq oshxonalar tashkil qilish;
b) bayram dasturlarini va ommaviy tomoshalarni tayyorlashda, ko‘chalar, maydon va xiyobonlarni bezatishda malakali mutaxassislardan iborat ijodiy guruhlarni keng jalb etsin;
v) barcha tadbirlar jamoat xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilingan holda o‘tkazilishini ta’minlasin.
7. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlarining xarajatlari:
Toshkent shahrida – respublika byudjeti va Toshkent shahri mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy byudjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.
8. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.
9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q.Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2025 yil 21 fevral