Joriy yilning 5 avgustida “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi.
Kadastr agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida qonunda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Qonun bilan quyidagi bino-inshootlar va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar e’tirof etiladi. Jumladan, 2018 yil 1 may kunigacha fuqarolar yakka tartibdagi uy-joy qurgan holda o‘zboshimchalik bilan egallagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga mulk huquqi beriladi. Shuningdek, 2018 yil 1 may kunigacha fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga mulk huquqi berilishi ko‘zda tutilgan. “Bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga, 2021 yil 8 iyungacha tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer uchastkalariga mulk huquqi berilishi belgilangan.
Bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer uchastkasiga, Kichik sanoat zonalari hududiga 2020 yil 9 martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yer uchastkasiga, Davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasiga, hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasiga mulk huquqi berilishi ko‘zda tutilgan. Qonun 2024 yil 8 noyabr kunidan kuchga kiradi.
[gallery-20192]
Bu bo‘yicha qayerga murojaat qilish kerak?
–O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish uchun hech qayerga murojaat qilish shart emas, – deydi Kadastr agentligi direktori o‘rinbosari Mirsaid Mirmaqsudov. – Qonunga muvofiq vakolatli tashkilotlardan tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida har bir hududda xatlov ishlari amalga oshirilishi belgilangan. Viloyat hokimlarining taklifiga asosan 2025 yilga mo‘ljallangan reja-grafik Kadastr agentligi direktori tomonidan tasdiqlandi. Mazkur jadval Kadastr agentligining kadastr.uz saytiga joylashtirildi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida saytga kirish bilan dastlabki oynada jadval bilan tanishish taklif etiladi. Unga bosish orqali saytning kerakli bo‘limiga o‘tiladi.
Matbuot anjumanida O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish axborot tizimi — “EʼTIROF” AAT dasturi haqida ma’lumot berildi.
– Kadastr agentligining “Geoinfocom” DM tomonidan O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish axborot tizimi — “EʼTIROF” AAT dasturi ishlab chiqildi, – deydi Kadastr va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Yo‘ldoshev. – Qonunning 14-moddasiga asosan vakolatli tashkilotlar tegishli ma’lumotlar va hujjatlarni o‘zlarining axborot tizimlaridan “EʼTIROF” AATga integratsiya qilgan holda elektron ravishda taqdim etishi yo‘lga qo‘yildi. “EʼTIROF” AATga “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi (IIP) orqali integratsiya qilingan.
Xususan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi – yakka tartibdagi uy-joylar xususiylashtirilgani yoki xususiylashtirilmagani to‘g‘risidagi servisi, Soliq qo‘mitasi – mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud yoki mavjud emasligini tekshirish servisi, Adliya vazirligi – “E-qaror” yagona elektron tizimi, “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi – Yagona identifikatsiya tizimi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi – “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi hamda Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar integratsiya qilingan.
Shu bilan birga, “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi – Yagona billing tizimi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi – Yagona milliy mehnat tizimi, “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi SMS-xabarnoma xizmatlarini ko‘rsatish servisi integratsiya qilingan.
Qolaversa, Kadastr agentligining ichki tizimlari – Ko‘chmas mulkni hisobga olish va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish maqsadlarida foydalaniladigan integratsion axborot tizimi (UZKAD) hamda Yerga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, hujjatlar to‘plamini shakllantirish va ularni ko‘rib chiqish monitoringi yuritiladi.
“EʼTIROF” AAT barcha uchun ochiq platforma. U to‘liq xavfsizlik qoidalariga javob beradi. Mazkur axborot tizimini Kiberxavfsizlik markazidan ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA