AOKAda Kadastr agentligi rahbariyati ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2025 yildagi asosiy vazifalar xususida ma’lumot berildi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, amalga oshirilgan yer va kadastr nazorati tadbirlari natijasida 66 ming 109 ta holatda 9462,3 gektar yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish bo‘yicha huquqbuzarliklar aniqlanib, berilgan yozma ko‘rsatmalar asosida 41 ming 972 ta holatda 4 472,2 gektar yer qonunbuzilish holatlari ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi.
Yer uchastkalarini qaytarish va ularda qurilgan imoratlarni buzdirish bo‘yicha sudlarga 21 ming 459 ta holatda 4 654,1 gektar yer bo‘yicha da’vo arizalar kiritildi. Shundan, 5 ming 561 ta (1 144,5 gektar) da’vo arizalar sudlar tomonidan qanoatlantirilib, majburiy ijroga qaratildi.
[gallery-22429]
Huquqbuzarlik holatida jinoyat alomatlari mavjud bo‘lgan 2 ming 146 ta material o‘rnatilgan tartibga muvofiq prokuratura organlariga kiritildi.
Yerga oid huquqbuzarlik sodir etgan 41 ming 708 ta shaxsga ma’muriy jazo choralari qo‘llanildi. Tadbirkorlik faoliyati uchun kadastr idoralari tomonidan 13 599,2 gektar yer uchastkalari “Yer-elektron” tizimiga kiritildi.
Shundan vakolatli idoralar tomonidan 90 ming 73 ta 3 ming 800 gektar yer uchastkalari rad etildi. 8 184,7 gektar yer uchastkasi autsionga chiqarildi. 2025 yilning 1 yanvar holatiga 85 ta geodeziya punktlari tekshirildi, 114,2 ming kv.km maydonda aerofotosuratga olish ishlari, 103,8 ming kv.km maydonda ortofotoplanlar, 56,1 ming kv.km maydonda deshifrovka ishlari, 70,5 ming kv.km maydonda topografik xaritalar yangilandi. 91,7 ming kv.km topografik xaritalar nashrga tayyorlandi, 14,8 ming kvadrat kilometr interaktiv raqamli xaritalar yaratildi hamda 64 ming 588 ta geografik ob’ekt nomlari davlat ekspertizasidan o‘tkazildi.
Sh.Mamaturopova,
O.Pardayev (surat)
O‘zA