2-son shahar klinik shifoxonasida qanday sharoitlar yaratilgan?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Olga Litvinova, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar partiya tashkiloti raisi, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Sevara Fayziyeva Yashnobod tumanida o‘rganishlar olib bordi. Deputatlar "Shirinobod" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bilan birgalikda 2-son shahar klinik shifoxonasida bo‘lib, bu yerda yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.
Xalq vakillari tibbiyot muassasasida bemorlarga davolash-reabilitatsiya yordamini tashkil etish, muassasaning moddiy-texnik bazasi holati, shuningdek, shifoxonani kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratdi.
Shifoxona bosh shifokori U.Ro‘ziyev deputatlarga muassasaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari hamda bemorlar uchun munosib sharoitlar yaratish borasida olib borilayotgan ishlar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berdi. Qayd etilganidek, mazkur shifoxona 150 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bemorlarga somatik tibbiy yordam, jumladan, reabilitatsiya davolash xizmatlarini ko‘rsatadi. Muassasada terapiya, nevrologiya va kardiologiya bo‘limlari faoliyat yuritadi. Birinchi qavatda fizioterapiya bo‘limi joylashgan bo‘lib, bu yerda bemorlar tiklanish va reabilitatsiya uchun zarur muolajalarni oladi.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari ham qizg‘in ketmoqda. Muassasada zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan mahalliy qozonxona mavjud bo‘lib, u shifoxonani to‘liq isitish va issiq suv bilan ta’minlaydi. Isitish mavsumida uning uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun zarur chora-tadbirlar amalga oshirilgan.
Ma’lum qilinganidek, shifoxona 2026-yil uchun respublika investitsiya dasturiga kiritilgan. Mazkur dastur doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi mablag‘lari hisobidan laboratoriya binosini to‘liq rekonstruksiya qilish va zamonaviy laboratoriya uskunalari bilan jihozlash ko‘zda tutilgan. Laboratoriyada zarur diagnostik tekshiruvlar, jumladan, qon tahlillari va laboratoriya diagnostikasining boshqa turlari o‘tkaziladi. Loyihaning amalga oshirilishi bemorlarni tekshirish sifati va tezkorligini oshirish imkonini beradi.

Shuningdek, shifoxona tibbiy kadrlar bilan to‘liq ta’minlangan. Joriy yilda muassasaga Toshkent tibbiyot akademiyasining uch nafar bitiruvchisi — bir nafar kardiolog va ikki nafar nevrolog shifokor ishga qabul qilingan. “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida jalb qilingan mablag‘lar hisobidan fizioterapiya bo‘limida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan, oshxona belgilangan sanitariya talablariga muvofiqlashtirilgan.
Xalq vakillari o‘rganishlar davomida 2-son shahar klinik shifoxonasida bemorlarni davolash va reabilitatsiya qilish uchun zarur sharoitlar yaratilgani, tegishli moddiy-texnik baza ta’minlangani, shuningdek, tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilayotganini e’tirof etdi.
M.Komilova, O‘zA