Munosib sharoit va zamonaviy infratuzilma – sifatli tibbiy xizmat kafolati
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, xususiy sektorni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan islohotlar o‘z samarasini berayotir.
Xususan, Toshkent viloyatida ham bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, chekka hududlarda ham zamonaviy talablarga javob beradigan tibbiyot muassasalari qad rostlamoqda.
Shunday xayrli tashabbuslardan biri Bekobod shahrida amalga oshirilib, yaqinda yangi xususiy tibbiyot muassasasi o‘z faoliyatini boshladi. Ushbu zamonaviy markazning ochilish marosimida shahar faollari, soha mutaxassislari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ahamiyatli jihati shundaki, yangi tashkil etilgan mazkur muassasaga Bekobod shahrida shu kunga qadar mavjud bo‘lmagan ilg‘or tibbiy uskuna — Magnit-rezonans tomografiya (MRT) apparati olib kelinib, o‘rnatildi. Bu esa mahalliy aholi uchun eng so‘nggi rusumdagi yuqori texnologik diagnostika xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi. Endilikda bemorlar chuqur instrumental tekshiruvlardan o‘tish uchun poytaxtga yoki boshqa qo‘shni hududlarga borib yurmaydi.
Ta’kidlanganidek, yangi markazning ishga tushirilishi Bekobod shahri va uning atrofidagi hududlarda yashovchi aholi uchun yuqori malakali, sifatli hamda zamonaviy tibbiy diagnostika xizmatlaridan foydalanishni yanada qulay va maqbul qiladi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda Toshkent viloyatida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasida davlat va xususiy sheriklik munosabatlari rivojlanib, xususiy sektor vakillarining o‘rni sezilarli darajada ortmoqda. Xususan, viloyatda ayni paytda 1 ming 15 ta xususiy tibbiyot muassasasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ushbu muassasalarda 4 ming 895 nafar malakali tibbiyot xodimi fidokorona mehnat qilib, yurtdoshlarimizning salomatligini asrash va mustahkamlash yo‘lida xizmat ko‘rsatayapti.
Bu kabi zamonaviy tibbiyot markazlarining ochilishi hududlarda sog‘liqni saqlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarib, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu ishlarga munosib hissa qo‘shadi.
***

Qamashi tumani tibbiyot birlashmasida ham barcha bo‘limlarni zamonaviylashtirish, binolarni tubdan ta’mirlash va energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan bunyodkorlik ishlari jadal olib borilmoqda.
Mazkur loyiha doirasida tibbiyot muassasasi zamonaviy talablarga to‘liq mos ravishda yangilanib, murojaat qilayotgan bemorlar hamda soha xodimlari uchun barcha qulay sharoitlar yaratiladi.
Loyihaning umumiy qiymati 60 milliard so‘mdan ziyod bo‘lib, bugungi kunda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasida tibbiyot birlashmasi zamonaviy, ilg‘or andozalarga javob beradigan va energiya tejamkor binoga aylantiriladi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA