Dunyo xalqlari vakillari: iqlim o‘zgarishi sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash dolzarblashdi
Tanzaniyaning Arusha shahrida Parlamentlararo ittifoqning 153-assambleyasi doirasida «Dasturxonimizda nima bor? O‘zgaruvchan iqlim sharoitida sog‘lom oziq-ovqat bilan ta’minlash» mavzusida seminar o‘tkazildi.
FAO (BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti) vakili Sion Chyu (videoaloqa orqali), Urugvay parlamenti a’zosi Zulmar Ferreyra, Stokgolm atrof-muhit instituti vakili doktor Anderson Kehbila, Latviya parlamenti a’zosi Yana Simanovska o‘z chiqishlarida iqlim o‘zgarishining oziq-ovqat xavfsizligiga ta’siri, aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, sohada parlamentlar rolini kuchaytirish masalalariga e’tibor qaratdi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Manzura Salimova ma’ruza qilib, mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan natijalar haqida ma’lumot berdi. Oziq-ovqat xavfsizligi inson qadri, aholi farovonligi va ijtimoiy barqarorlikning muhim sharti ekani bois O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ushbu yo‘nalishda tizimli islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 - 2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi hamda «Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonun sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

2025-yilda O‘zbekistonning meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 3,2 milliard AQSH dollariga yetib, 2017-yilga nisbatan qariyb besh barobar oshdi. Qishloq xo‘jaligida esa 50 million tonna oziq-ovqat mahsuloti yetishtirildi. Bu natijalar ichki bozor ta’minotini mustahkamlash va «O‘zbek mevasi» brendining xalqaro raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va global iqtisodiy beqarorlik oziq-ovqat ta’minoti uchun yangi xavflarni yuzaga keltirayotgani qayd etildi. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston vakili uchta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi. Jumladan, oziq-ovqat xavfsizligi sohasida parlament nazoratini kuchaytirish, qonunlar va davlat dasturlari ijrosini baholashda mahsulotlarning aholi uchun hamyonbopligi, hududlarda ta’minot uzluksizligi hamda ehtiyojmand oilalarning to‘laqonli ovqatlanish imkoniyatlarini asosiy mezon sifatida belgilash zarur.

Iqlimga mos qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, suv tejovchi texnologiyalar, qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli navlarni joriy etish, «aqlli qishloq xo‘jaligi» va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish, shuningdek, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va tajriba almashinuvini kengaytirish kerak.
Oziq-ovqat yo‘qotishlarini qisqartirish, zamonaviy saqlash va logistika infratuzilmasini rivojlantirish, ta’minot xavflari bo‘yicha tezkor axborot almashish hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash juda muhim.
Bu borada iste’molchilar salomatligi va mahsulotlar xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir ishtirokchilari oziq-ovqat xavfsizligiga oid global muammolarni hal etishda parlamentlararo hamkorlikni amaliy tashabbuslar va strategik kelishuvlar asosida yanada mustahkamlashga qaror qildi. Qurg‘oqchilik, tuproq sho‘rlanishi va suv tanqisligi qishloq xo‘jaligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etilib, resurslarni tejovchi texnologiyalarni joriy etish, iqlimga chidamli ekin navlarini yaratish va davlatlar o‘rtasida tajriba almashishni davom ettirishga kelishib olindi.
Norgul Abduraimova, O‘zA