18-22-may kunlari Andijonda Rassomlar festivali o‘tkaziladi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasida joriy yilning 18-22-may kunlari Andijon viloyatida o‘tkaziladigan Rassomlar festivaliga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda mutasaddilar tomonidan Rassomlar festivaliga tayyorgarlik xususida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbirda qayd etilganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2025-yilning aprel oyida Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida Bobur shahri milliy madaniyat va san’atimiz, o‘zbekona mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik va hamkorlikni aks ettiradigan o‘ziga xos ko‘zgu bo‘lishi zarurligini ta’kidlab, bu shaharda Rassomlar festivalini o‘tkazishni taklif qilgan edi.
Shunga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi “Andijon viloyati Bobur shahrida rassomlar festivalini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2026-yildan boshlab har ikki yilda bir marta Bobur shahrida Rassomlar festivalini o‘tkazish belgilandi.
[gallery-29266]
Ta’kidlanganidek, festivalning asosiy maqsadi tasviriy san’at sohasi ijodkorlari, yosh iste’dodlarni milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini tarannum etuvchi yorqin asarlar yaratishga undovchi muhit yaratishdan iborat.
Shuningdek, soha rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan tajribali ijodkorlar, iste’dodli rassomlarni aniqlash, ularni ma’naviy hamda moddiy rag‘batlantirib borish, jahon san’at maydonida munosib o‘rin egallashga intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, o‘zbek tasviriy san’atining turli yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish, ijodkorlarga zarur shart-sharoit yaratib, ularning badiiy salohiyatini oshirish maqsad qilingan.
Festivalda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan 200 nafarga yaqin tasviriy san’atning rangtasvir, badiiy foto, haykaltaroshlik va grafika yo‘nalishlarida tajribaga ega ijodkorlar ishtirok etadi.
Festivalda yo‘nalishlardan kelib chiqib, ijodkorlar “Gran-pri”, “Eng yaxshi rangtasvirchi rassom”, “Eng yaxshi haykaltarosh”, “Eng yaxshi fotorassom”, “Eng yaxshi grafik rassom” nominatsiyalari bo‘yicha mukofotlanadi.
Dasturga ko‘ra, tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha ijodiy asarlar ko‘rgazmalari, taniqli va iqtidorli ijodkorlar ishtirokida mahorat darslari, ijodiy suhbatlar, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY bilan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, plenerlar, amaliy san’at asarlari, hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari, milliy va tarixiy liboslar, badiiy dasturlar namoyishi, diqqatga sazovor maskanlarga sayohat tashkil etiladi.
Festival yakunida g‘oliblar Tashkiliy qo‘mita tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi sifatida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yengil avtomobil, diplom, festival ramziy haykalchasi va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Gulnoza Boboyeva,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA