O‘zbekiston – Bolgariya munosabatlari chuqur tarixiy ildizlarga ega. Olimlar ta’kidlashicha, turkiy xalqlarga mansub bolgarlarning qadimiy ajdodlari va zamonaviy O‘zbekiston hududidagi ota-bobolarimiz o‘rtasidagi aloqalar Buyuk ipak yo‘li davridan boshlangan. Migratsiya, savdo va madaniy rishtalar bilan uyg‘un bunday yaqinlik o‘zaro manfaatdorlik va hurmatga asoslangan.
Zamonaviy diplomatik munosabat 1992 yil 12 sentyabrda o‘rnatilgan. O‘shandan beri rasmiy Toshkent va Sofiya siyosiy muloqoti izchil rivojlanmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda bu faollik jadal sur’at kasb etib, o‘zaro munosabatga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Siyosiy hamkorlik konstruktiv sheriklik hamda o‘zaro yordam ruhiga asoslangan. So‘nggi yillarda oliy va yuqori darajadagi ikki tomonlama aloqalar faollashdi. Bu O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni mustahkamlashga umumiy yondashuviga mos. Umuman, Bolgariya YeIga a’zo davlat sifatida rasmiy Toshkent tomonidan Bolqon va Markaziy Yevropa mintaqasidagi ustuvor hamkorlar qatorida ko‘riladi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Bolgariya Prezidenti Rumen Radev 2017 yil 20 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasi doirasida uchrashuv o‘tkazgan. Ushbu muloqot mavjud hamkorlikni mustahkamlash, jumladan keyingi tashriflar uchun zamin yaratishga har ikki tomonning intilishini tasdiqlagan edi.
Bolgariya BMT va YeXHT doirasida O‘zbekistonning Markaziy Osiyoni barqaror rivojlantirish va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarini ma’qullab kelmoqda. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarni, jumladan fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholaydi.
Parlamentlararo aloqalar ham izchil rivojlanmoqda. Bolgariya parlamentida “Bolgariya – O‘zbekiston” do‘stlik guruhi faoliyat ko‘rsatyapti. Oliy Majlis palatalari qo‘shma qarori asosida Xalq majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Bolgariya parlamentlararo guruh tashkil etilgan.
Ushbu hamkorlik doirasida o‘zaro tashriflar amalga oshirilmoqda. Bevosita uchrashuvlar so‘nggi yillarda yanada faollashdi. 2018 yil iyul oyida “Bolgariya – O‘zbekiston” do‘stlik guruhi raisi Adlen Shevked boshchiligidagi delegatsiya yurtimizda bo‘ldi. Noyabr oyida esa O‘zbekiston – Bolgariya parlamentlararo guruhi delegatsiyasi javoban tashrif buyurib, Xalq majlisi rahbariyati, Tashqi ishlar, Iqtisodiyot va turizm vazirliklari vakillari, Plovdiv va Karjali shaharlari merlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
2021 yil dekabr oyida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Sofiya shahrida bo‘lib o‘tgan “Demografik o‘zgarishlar sharoitida jamiyatni rivojlantirish yo‘llari” mavzusidagi yuqori darajali vazirlar konferensiyasi ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi.
Ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari muntazam aloqani davom ettirmoqda. Jumladan, o‘zaro maslahatlashuv davomida nafaqat ikki tomonlama muammolar, balki dolzarb xalqaro kun tartibi, jumladan iqlim, raqamli transformatsiya, noxolis axborotga qarshi kurashish va inson huquqi bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilinmoqda.
2023 yil 23 oktyabr kuni Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” vazirlari 19-uchrashuvida mamlakatimiz TIV rahbari Baxtiyor Saidov Bolgariya Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Mariya Gabriel bilan uchrashdi.
Tomonlar 2019 yil sentyabr oyida Sofiya shahrida 5-majlisi bo‘lib o‘tgan Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Bolgariya Hukumatlararo komissiyasi ishini faollashtirish niyatini ma’qulladilar.
Mamlakatlarimiz investitsiya salohiyati sheriklik nuqtai nazaridan tobora jozibador tus olmoqda. Respublikamizda iqtisodiyotni liberallashtirish, erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish, kichik va o‘rta biznesni faol qo‘llab-quvvatlash bunga mustahkam zamin yaratmoqda.
Diyorimizda Bolgariya sarmoyadorlari ishtirokidagi ochilgan 30 korxonaning 19 tasi 100 foiz xorijiy mablag‘ asosida faoliyat yuritadi. Mazkur jamoalar neftni qayta ishlash, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati, savdo amaliyoti va xizmat ko‘rsatish kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Har ikki davlat transport-logistika sohasidagi aloqalarni, ayniqsa, O‘zbekistonni Qora dengiz portlari bilan Kavkaz orqali bog‘laydigan Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi nuqtai nazaridan rivojlantirishdan manfaatdor. Rivojlangan infratuzilma va logistika markazlariga ega Bolgariya Markaziy Osiyo hamda YeI o‘rtasida tranzit yo‘lagi vazifasini bajara oladi.
O‘zbekiston – Bolgariya hamkorligi madaniy-gumanitar sohada ham faol rivoj topyapti.
Buxoro va Varna, Samarqand va Plovdiv shaharlari o‘rtasidagi yaqin do‘stlik aloqalari madaniy hamjihatlik, ishonch timsoliga aylangan. Bu hududlar delegatsiyalar almashinuvi, madaniy loyihalar va qo‘shma tashabbuslar orqali ikki xalq muloqotini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shyapti.
Ma’lumki, joriy yil 9-11 iyun kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Bolgariya Prezidenti Rumen Radev rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari Bolgariya yetakchisini samimiy qutlab, so‘nggi 17 yildagi birinchi sammit tarixiy ahamiyatga ega ekani, o‘zaro do‘stlik va sheriklik munosabatini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishini ta’kidladi.
Yetakchilar muloqotida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Parlamentlar, iqtisodiyot va tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi hamkorlik faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tashrifi doirasida Rumen Radev IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etdi.
Ko‘ksaroy qarorgohida ikki davlat yetakchilari olib borgan muzokaralarda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida tashqi siyosat idoralari o‘rtasida tizimli aloqalarni yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.
Savdoni, eng avvalo, to‘qimachilik, oziq-ovqat, kimyo va farmatsevtika mahsulotlari, metall buyumlar va texnologik uskunalar yetkazib berishni kengaytirish orqali ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zaro savdo o‘sishini rag‘batlantirish uchun poytaxtlarda savdo uylari ochish, laboratoriyalarni akkreditatsiyadan o‘tkazish va imtiyozli kredit liniyalari ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Agrosanoat majmui va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, geologiya, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va IT, turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Samarali yer usti va havo transport yo‘laklarini kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini o‘rganishga kelishib oldilar.
Mehnat resurslari sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun Sofiya shahrida O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligi vakolatxonasini ochish masalasi ko‘rib chiqildi.
Gumanitar aloqani, jumladan akademik va ilmiy almashinuvni faollashtirish, Andijon shahrida yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari uchrashuvini o‘tkazish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.
Kelasi yil O‘zbekiston va Bolgariya madaniyati va kinosi haftaligini tashkil etish qarori ma’qullandi.
Erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan tizimli nazoratni ta’minlash maqsadida tomonlar qo‘shma “Yo‘l xaritasi” qabul qilish va Hukumatlararo komissiya hamraislari darajasini ko‘tarish, tuzilma ishiga hududlar va yirik kompaniyalar rahbarlarini jalb qilishga ahdlashildi.
So‘nggi yillarda Toshkent va Samarqandda bolgar filmlari namoyishi, rassomlar ko‘rgazmalari tashkil etildi. Elchixonalar va diaspora tashkilotlari til o‘rganish kurslari ochish, musiqiy kechalar, xalqlarimiz madaniy merosiga bag‘ishlangan davra suhbatlari o‘tkazish orqali ikki davlat madaniyatini keng targ‘ib qilmoqda.
Ta’lim sohasida Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Sofiya kimyo-texnologiya universiteti, Toshkent davlat yuridik instituti va Sofiya universiteti, Samarqand davlat tibbiyot instituti va Sofiya tibbiyot universiteti o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolangan. Shuningdek, Namangan davlat universiteti va Varna texnika universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Bolgariya Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatiya instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumlari tuzildi. Bunday sa’y-harakatlar gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish va ikki davlat yoshlari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
“Erazmus+” dasturi doirasida o‘zbekistonlik talabalarning Bolgariya universitetlari va Fanlar akademiyasida malaka oshirishi, amaliyot o‘tashi yo‘lga qo‘yilgan.
Ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun udkan salohiyat mavjudligini turizm sohasida ham ko‘rish mumkin. Har ikki davlat boy tarixiy-madaniy meros, betakror me’moriy yodgorliklar va rang-barang tabiiy landshaftga egaligi o‘zaro sayyohlik almashinuvini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratadi.
Mazkur omillar O‘zbekiston va Bolgariya o‘zaro ishonch hamda bir-biri manfaatini hurmat qilishga asoslangan sheriklik salohiyatini to‘liq yuzaga chiqarish niyatida ekanini tasdiqlaydi.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA