Dunyo xaritasida bir-biridan qariyb olti ming kilometr uzoqda joylashgan O‘zbekiston va Bolgariya o‘rtasida qanday umumiy jihatlar bo‘lishi mumkin? Bir qarashda bu ikki davlat turli sivilizatsiya, geografiya va turli tarixga egadek tuyuladi. Ammo chuqurroq nazar tashlasak, o‘zbek va bolgar xalqini bog‘lab turuvchi tarixiy, madaniy va zamonaviy umumiyliklar juda ko‘p.

O‘zbekiston qadimgi Ipak yo‘lining markazlaridan biri bo‘lib, Buxoro, Samarqand va Xiva kabi shaharlari orqali Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, ilm-fan va madaniyat almashinuviga zamin yaratgan. Bolgariya esa Yevropa bilan Sharq o‘rtasidagi muhim transport va madaniy yo‘llar chorrahasida joylashgan.
Ikki mamlakat ham o‘z vaqtida katta imperiyalar tarkibida bo‘lgan. Tarixiy o‘tmish hozirgi kunda bu ikki do‘st xalqning turli madaniyatlar va xalqlar o‘rtasida muloqot qurish qobiliyatini mustahkamlagan.
Garchi madaniy muhitlar turlicha bo‘lsa-da, Bolgariya va O‘zbekistonda ayrim umumiy an’analar ham mavjud. Masalan, har ikki mamlakatda oila qadriyatlari, mehmondo‘stlik va milliy taomlar katta ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistondagi palov qanday milliy iftixor bo‘lsa, Bolgariyadagi banitsa – pishloqli qatlama pirogi ham shunday mashhur.
O‘zbeklarning navo va maqom an’anasi Bolgariya xalqining folklor musiqasi va an’anaviy xor jo‘rligi bilan uyg‘unlashishi mumkin.
O‘zbekiston va Bolgariya o‘rtasidagi munosabatlar bizga shunchaki geografiya emas, balki qadriyatlar, tarix, manfaat va yaqinlik muhim ekanini ko‘rsatadi. Bu ikki davlat "Sharq va G‘arb"ni nafaqat geografik, balki insoniy, iqtisodiy va madaniy ma’noda bog‘lovchi ko‘prikka aylanishi mumkin.
Joriy yilning 10 iyunida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radev o‘rtasidagi rasmiy muzokaralar ikki mamlakat munosabatlarida yangi sahifa ochdi. Bu uchrashuv – so‘nggi 17 yil ichidagi birinchi yuqori darajadagi sammit – nafaqat tarixiy, balki amaliyot nuqtai nazaridan ham o‘ta muhim voqelik sifatida qayd etilmoqda.
Muzokaralar davomida ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlik masalalari keng ko‘lamda muhokama qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Bolgariya yetakchisini samimiy qutlar ekan, mazkur sammit ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladi.
Bolgariya – Yevropa Ittifoqi a’zosi sifatida O‘zbekiston uchun muhim hamkor hisoblanadi. O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan "ochiq tashqi siyosat", mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash va investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha islohotlar Bolgariya kabi davlatlar bilan aloqalarni kengaytirishga zamin yaratmoqda.
Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga chiqmoqda. Ayniqsa, savdo-sotiq sohasida to‘qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika va texnologiyalar bo‘yicha aloqalar faol rivojlanmoqda. Ta’lim sohasida akademik almashinuvlar, rektorlar uchrashuvlari, talabalarni o‘qishga yuborish masalalari yo‘lga qo‘yilmoqda. Turizm sohasida Buxoro va Samarqand kabi shaharlar bolgariyalik sayyohlar uchun jozibali yo‘nalish hisoblanadi. Shu bilan birga, Varna va Plovdiv kabi shaharlar o‘zbek sayyohlari uchun Yevropa madaniyatini yaqindan anglash imkoniyatini beradi.
Ikki davlat rahbarlarining mazkur uchrashuvi nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy, gumanitar va texnologiyaviy sohalarda ham samarali hamkorlikni chuqurlashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Muzokaralar davomida o‘zaro savdoni kengaytirish masalalari markaziy o‘rin egalladi. Tomonlar, jumladan, to‘qimachilik, oziq-ovqat, kimyo va farmatsevtika mahsulotlari, metall buyumlar va texnologik uskunalar yetkazib berishni kuchaytirish orqali savdo hajmini oshirish niyatida ekanini ma’lum qildi.
Savdo aloqalarini yanada faollashtirish maqsadida bir qator amaliy choralar ko‘zda tutilmoqda. Ya’niki, ikki mamlakat poytaxtlarida savdo uylari tashkil etish, eksport mahsulotlari uchun laboratoriyalarni xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, imtiyozli kredit liniyalarini shakllantirish.
Bu chora-tadbirlar ikki tomonlama tovar ayirboshlashni institutsional asosda qo‘llab-quvvatlashga, xususiy sektor faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida agrosanoat majmui, farmatsevtika, geologiya, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, IT va turizm sohalari belgilandi. Bu yo‘nalishlar nafaqat iqtisodiy manfaat, balki texnologik hamkorlik va innovatsion rivojlanish nuqtai nazaridan ham katta salohiyatga ega.
Ayniqsa, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohalaridagi qo‘shma loyihalar ikki mamlakatni kelajak texnologiyalarini birgalikda rivojlantirish imkoniyati bilan ta’minlaydi.
Muzokaralarda ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga ham katta e’tibor qaratildi. Joriy yilda Andijon shahrida yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlarining uchrashuvini o‘tkazish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Bu o‘zbek va bolgar xalqi o‘rtasidagi akademik va ilmiy almashinuvlar uchun yangi maydon yaratishi mumkin.
O‘zbekiston va Bolgariya o‘rtasidagi ushbu do‘stona ruhdagi muzokaralar ikki davlatning o‘zaro ishonch va manfaatlarga asoslangan hamkorligini yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanini ko‘rsatdi. Geosiyosiy o‘zgarishlar sharoitida, ayniqsa Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajaradigan mamlakatlar uchun bunday yaqinlashuv alohida ahamiyatga ega.
Mazkur sammit O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faol siyosat yuritayotganini, Bolgariya esa Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni kengaytirishga qiziqish bildirganini ko‘rsatadi. Endigi vazifa esa erishilgan kelishuvlarni amaliy natijalarga aylantirishdir.
Ulug‘bek Ro‘zimatov,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi,
“Namangan sadosi” gazetasi bosh muharriri