Mamlakatimizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 19 milliondan ortiq yoki aholining 55 foizini tashkil qiladi. Mehnat bozoriga har yili 600 ming nafar yoshlar kirib keladi. Ularning 1,5 million nafarga yaqini bo‘sh vaqtini chet tilini o‘rganishga bag‘ishlaydi. Aksariyati xorijda ta’lim grantlari yordamida tahsil olishga intiladi.
Ma’lumki, “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan tanlovlar tashkil etilib, stipendiatlarga dunyoning 45 ga yaqin davlatida ta’lim olish imkoniyati taqdim etib kelinmoqda.
“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan davlat organlari va tashkilotlarida barchaga teng imkoniyatlar taqdim etilgan holda kadrlarni saralash va ularning kasbiy fazilatlari, malakasini ob’ektiv baholagan holda tanlab olishning shaffof mexanizmlari joriy etilgan.
Jamg‘arma tomonidan o‘tkazilgan saralash tanlovining birinchi bosqichi yakuniga ko‘ra, jami ro‘yxatdan o‘tgan 2 ming 45 nafar nomzodning 641 nafari o‘z arizasiga asosan nufuzli xorijiy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilingani yoki shartli qabul qilingani to‘g‘risidagi taklifnoma-xatni (Lyettyer of accyeptancye yoki Lyettyer of conditional accyeptancye) ilova qilgan.

Test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan nomzodlar uchun xorijda ta’lim olishdan ko‘zlangan maqsad va ta’lim olish tugagach olingan bilimlarni O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari, tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari, ma’naviy-axloqiy tafakkuri, sog‘lom dunyoqarashi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni aniqlashga qaratilgan davlat tilidagi suhbat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi binosida joriy yil 4 dekabrdan 12 dekabrga qadar bo‘lib o‘tdi. Suhbat o‘tkazish komissiyasi tarkibiga Prezident Administratsiyasi vakillari, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari va ekspertlari, Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassislari, xorijiy universitetlar rektorlari hamda Jamg‘armaning xorijda ta’lim olgan iqtidorli stipendiatlari kiritildi. Suhbat jarayonlarining haqqoniy va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida tanlov komissiyasi tarkibiga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining mas’ul xodimlari ham jalb etildi.
Suhbat natijalariga ko‘ra, 119 nafar nomzodlar ijobiy baholanib, ularning 33 nafari bakalavriat, 77 nafari magistratura va 9 nafari doktorantura ta’lim dasturlari bo‘yicha “Jamg‘arma stipendiati” deb e’tirof etildi. Tanlov g‘oliblari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Iqtidorli yoshlar: Yangi O‘zbekiston istiqboli uchun birlashamiz” mavzusida o‘quv-seminari va sertifikatlarni tantanali topshirish marosimi tashkil etildi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Jamg‘arma stipendiyalariga tavsiya etilgan nomzodlarning 5 foizi yetimlar, 6 foizi ota-onasi ishsizlar, 50 foizi oddiy oilalar farzandlari, 14 foizi tadbirkorlar farzandlari, 10 foizi davlat xizmatchilari, 11 foizi esa o‘rta va yuqori bo‘g‘in boshqaruvida faoliyat olib borayotgan shaxslar farzandlari hisoblanadi.

– Barchamiz bilamiz, dunyo taraqqiyoti uzluksiz ta’lim, malaka oshirish, tajriba almashish va ilg‘or g‘oyalarni tatbiq etish asosiga qurilgan, – dedi “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori Adham Bekmurodov. –Mazkur tamoyildan kelib chiqqan holda, yoshlarni xorijdagi nufuzli ta’lim muassasalarida o‘qishga saralashni tashkil etish, barkamol kadrlarni ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalariga, ayniqsa, yangi, istiqbolli tarmoqlarga jalb etish, ularning salohiyatidan samarali foydalanishni ta’minlash vazifalarimizning asosini tashkil etadi. Stipendiya sohiblari zimmasiga zalvorli mas’uliyat yuklatilgan. Ularga murojaatim shuki, siz rivojlangan davlatlarda ta’lim olib, tajriba orttirib, muqaddas yurtimizning sha’nini, qadr-qimmatini har qachon va har yerda munosib himoya qilishni hamda xorij davlatlarining eng so‘nggi yutuqlarini diqqat bilan o‘rganib, yurtimizda joriy qilishga tayyor bo‘lib qaytishingiz kerak.
Tadbir davomida kuy-qo‘shiqlar ijro qilindi va O‘zbek milliy akademik drama teatri ijodkorlari tomonidan yurtga bo‘lgan mehrni tarannum etuvchi “Jadidlar” obrazidagi qisqa epizod namoyish etildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA