“El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindorlari taqdirlandi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.
Tadbir stipendiatlar, ularning ota-onalari, davlat tuzilmalari, diplomatik vakolatxonalar va hamkor tashkilotlar vakillari hamda yoshlarni bir ma’rifiy maydonda birlashtirdi.
Ta’kidlangandek, “El-yurt umidi” stipendiya dasturi nafaqat iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, balki uzoq muddatli davlat strategiyasining bir qismidir.
Asosiy maqsad “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi vazifalarini hayotga tatbiq eta oladigan islohotchilar va yetakchilar avlodini tayyorlashdan iborat. Shubhasizki, aynan bilimli va intiluvchan, yuksak salohiyatli yoshlar mamlakatning barqaror rivojlanishini ta’minlaydi.
Kunning ikkinchi yarmida “El-yurt umidi” jamg‘armasining 2025-yil 2-ochiq stipendiya tanlovi g‘oliblari uchun maxsus o‘quv seminari ham o‘tkazildi. Tadbir yoshlarni xorijda yashash va o‘qishga tayyorlash, ularning stipendiat sifatidagi vazifa va majburiyatlarini tushuntirish, shuningdek, “O‘zbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirishdagi rolini ta’kidlashga qaratildi.
Tegishli vazirlik va idoralar mas’ullari, jamg‘arma rahbariyati va xodimlari, ekspertlar hamda oldingi yillarda xorijiy universitetlarni tamomlagan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari o‘z bilim va tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
[gallery-27653]
O‘quv-seminar davomida yurtimizda amalga oshirilayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari, Vatanimiz tarixi, madaniyati, an’analari, turizm va investitsion salohiyati, ma’naviy-axloqiy tafakkur, sog‘lom dunyoqarash, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, davlat tilini e’zozlash, xalqaro etiket va protokol, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi vakolatxonalari bilan hamkorlik hamda konsullik hisobida turish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar interfaol sessiyalar, taqdimotlar va mahorat darslari shaklida o‘tdi. Unda o‘tgan yillardagi stipendiatlar “teng – tengga” tamoyili asosida, Yevropa va Osiyo mamlakatlari, AQSH, Avstraliya va Kanadadagi madaniy xususiyatlar va moslashuv jihatlari haqida batafsil so‘z yuritdi. Shuningdek, dastur shaxsiy rivojlanish, yetakchilik, loyiha boshqaruvi va jamoada ishlash ko‘nikmalari bo‘yicha o‘yinlar va mahorat darslarini o‘z ichiga oldi.
Tadbir doirasida shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi loyihalari bilan tanishuv va Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev bilan ochiq muloqot o‘tkaziladi.
Shuningdek, yoshlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga ekskursiya davomida xalqimizning boy tarixi, madaniyati va ma’naviy merosini aks ettiruvchi keng qamrovli ko‘rgazmalar bilan tanishdi. Kun yakunida jadidlar hayotiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyishi va stipendiatlarning taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Aytish kerakki, 2025-yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyasi uchun ikkita ochiq tanlov yangilangan talablar asosida o‘tkazildi. Ularda ochiqlik, shaffoflik, adolat va barcha uchun teng imkoniyatlar asosiy tamoyillarga aylandi. Qisqa muddatda OneID tizimi bilan integratsiyalashgan onlayn platforma ishga tushirildi.
Bu tizim ortiqcha byurokratiyani kamaytirish va inson omilini minimallashtirish imkonini berdi. Nomzodlar nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoning istalgan burchagidan hujjat topshirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Test sinovlarining javoblari shu kunning o‘zida e’lon qilindi. Suhbat jarayonlari ilk bor Internetda onlayn-translyatsiya qilindi.
Barcha bosqichlar yakunlari bo‘yicha Boshqaruv kengashi qarori bilan birinchi ochiq stipendiya tanlovida 173 nafar nomzod, ikkinchi ochiq stipendiya tanlovida yana 64 nafar nomzod “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindori” deb e’tirof etildi. Ularning 25 foizi xotin-qizlardir.
Stipendiatlar 20 tadan ortiq davlatdagi universitetlardan qabul xatlarini olgan. Top-5 talik davlatlar qatorida — Buyuk Britaniya, AQSH, Avstraliya, Italiya va Koreya Respublikasi kabi davlatlarning oliygohlari mavjudligi e’tiborga molik.
N.Usmonova, F.Abdurasulov (surat), O‘zA muxbirlari