Davlatchiligimiz tarixining barcha bosqichlarini qamrab olgan 100 qismli “BUYUK TARIX” nomli xronikal hujjatli film suratga olinmoqda.
Ushbu ko‘p seriali filmni “O‘zbekiston tarixi” telekanali ijodkorlari tomonidan tasvirga olishga kirishildi. Unda yurtimiz tarixi, xalqimiz o‘tmishi, Turon zaminida tashkil topgan davlatlarning bosib o‘tgan yo‘li, xalqlari, millat va elatlari tarixi, ularning madaniyati, san’ati va adabiyoti kabi muhim omillarga keng e’tibor qaratiladi.
100 qismga mo‘ljallangan filmning mavzu va ssenariylari, unda ko‘tariladigan jihatlar soha mutaxassislari tomonidan keng muhokama qilinib, ilmiy ekspertizadan o‘tkazilgan va ularning ilmiy maslahati asosida mavzu va konsepsiyalari ishlab chiqilgan. Ayni paytda hujjatli xronikal serialning dastlabki qismlarini tasvirga olishga kirishilgan. Buning uchun tarixchi olimlar, jurnalist-muharrirlar, kinoshunos mutaxassislar, kinorejissyor, operator va aktyorlardan iborat malakali ijodiy jamoalar shakllantirilgan.
Hujjatli filmlarni tasvirga olishda nafaqat yurtimizda tadqiqot olib borayotgan olimlar, balki xorijiy ilmiy muassasalar va ularning tadqiqotchi va professorlaridan eng so‘nggi ilmiy ma’lumotlar asosida intervyular olinib, hamkorlikda ishlanmoqda. Shuningdek, filmlarning tasvirga olish va montaj jarayonlari uchun ham mahalliy va xorijiy tajriba keng o‘rganilib, zarur o‘rinlarda o‘zaro ma’lumot almashinuvlar yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur katta loyihaning yana bir e’tiborli jihati shundaki, shonli tariximizning deyarli barcha davrlarini qamrab olgan seriyali filmlar tayyor bo‘lgach, “O‘zbekiston tarixi” va boshqa telekanallarda keng namoyishi yo‘lga qo‘yilishi va ta’lim muassasalariga media o‘quv darslik sifatida tarqatilishi mo‘ljallanmoqda.
O‘zA