Toshkentda O‘zbekiston – Eron siyosiy maslahatlashuvlarining beshinchi raundi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston – Eron vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining beshinchi raundi bo‘lib o‘tdi. Unda Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ibrohim Rahimpur rahbarligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston – Eron vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining beshinchi raundi bo‘lib o‘tdi. Unda Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ibrohim Rahimpur rahbarligidagi delegatsiya ishtirok etdi.Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Eron o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya sohalaridagi aloqalarni yanada chuqurlashtirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekani ta’kidlandi. Davlatlararo munosabatlar, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti doirasidagi aloqalar rivojida ijobiy tendensiyalar kuzatilayotgani qayd etildi.
Muzokarada vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarni muntazam o‘tkazish ikki tomonlama munosabatlarga oid dolzarb masalalarni muhokama qilish, hamkorlikning O‘zbekiston va Eron manfaatlariga mos keluvchi yo‘nalishlarini birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish imkonini berishi ta’kidlandi. Mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Eron delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida ham muzokara o‘tkazdi.
Mamlakatlarimiz o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishi uchun shartnomaviy-huquqiy asos yaratilgan. Savdo-iqtisodiy aloqalar, sarmoyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish, ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish, o‘zaro savdo imtiyozlari, temir yo‘l transporti sohasidagi hamkorlik borasida erishilgan kelishuvlar amal qilmoqda. O‘zbekistonda Eron sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 120 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Uchrashuvda iqtisodiyot, savdo, transport va tranzit kabi sohalardagi aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – O‘mon mintaqalararo transport koridorini ishga tushirish o‘zaro hamkorlik rivojida alohida ahamiyat kasb etishi qayd etildi.