Zararli dasturlarni sotish bilan shug‘ullangan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Davlat xavfsizlik xizmati va Toshkent shahar IIBB xodimlari hamda “Kiberxavfsizlik markazi” DM mutaxassislari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Telegram” messenjerida zararli “APK” dasturlarni sotish bilan shug‘ullangan shaxs faoliyatiga chek qo‘yildi.
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida yashovchi, 2005 y.t. fuqaro o‘zi yaratgan zararli “APK” dasturlarini 100-300 ming so‘m evaziga “Telegram” orqali 10 ga yaqin akkaunt foydalanuvchilariga sotgan.
Shuningdek, zararli dasturlarni sotib olgan mijozlarni texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlab, ularga foydalanish jarayonida yuzaga kelgan muammolar bo‘yicha maslahatlar bergan.
Ta’kidlash lozimki, ushbu “APK” dasturlari yordamida o‘zgalarning “Telegram” messenjeridagi akkauntlariga ruxsatsiz ulanish, telefonlaridagi SMS xabarlarni o‘qish hamda to‘lov tizimlaridagi pul mablag‘larini o‘zlashtirib olish mumkin.
Aniqlanishicha, mazkur shaxs “Telegram” messenjeridagi 5 dan ortiq guruh va kanallarning administratori hisoblanib, ularda doimiy ravishda zararli “APK” dasturlarning imkoniyatlari to‘g‘risida postlar joylashtirgan.
Tezkor tadbir davomida undan 1 dona “Asus ExpertBook” rusumli noutbuk, 1 dona “Redmi Note 10 Pro”rusumli telefon apparati, 1 dona qattiq disk va
2 dona bank plastik kartasi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz ДХХнинг 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.