Zamonaviy moda va etno-elementlar uyg‘unligi
“Atlas bayrami” festivali doirasida “Maru” brendi asoschisi va feshn-dizayner Marhamat Umarova boshchiligida etno-dizayn bo‘yicha amaliy mashg‘ulot o‘tkazilmoqda.
Globallashuv va madaniy integratsiya jadal tus olgan bugungi davrda milliy o‘zlikni anglash va madaniy merosni asrab-avaylash san’at va dizayn olamining eng dolzarb vazifalaridan biriga aylandi. Etno-dizayn shunchaki o‘tmish elementlarini takrorlash emas, balki asriy an’analar, naqshlar va ramzlarni zamonaviy estetika hamda texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish san’atidir.

Ushbu mahorat darsi milliy matolar va an’anaviy naqshlarni zamonaviy kiyim-kechak dizayniga tatbiq etish hamda xalqaro bozorga mos brend yaratish sirlariga bag‘ishlandi.
Amaliy mashg‘ulotning asosiy yo‘nalishlari etno-dizayn konsepti bo‘lib, an’anaviy Marg‘ilon shoyi va atlas-adras matolarini zamonaviy bichim va siluetlar bilan integratsiya qilish orqali namoyish etildi.

Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilarga brend va kolleksiya yaratish, g‘oyadan tayyor feshn-to‘plamgacha bo‘lgan bosqichlar ham o‘rgatildi.
Shuningdek, ishtirokchilar bilan birgalikda eskizlar chizish va mato kombinatsiyalarini tanlash yo‘nalishlari ko‘rsatildi.

– Etno-dizayn bu shunchaki o‘tmishni nusxalash emas, balki boy milliy merosimizni zamonaviy moda tili bilan dunyoga ko‘rsatishdir, – dedi Marhamat Umarova. – Har bir naqsh ortida bir tarix, har bir rang zamirida muayyan falsafa yashirin. Bugungi kunda insoniyat bir xillikdan charchab, yana o‘z ildizlariga — tabiiylik va milliylikka qaytmoqda. Zamonaviy moda podiumlaridan tortib, eng nufuzli interer ko‘rgazmalarigacha «etno» uslubi yetakchi trendga aylanib ulgurdi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA