Zamonaviy Media markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi
Qashqadaryo viloyatida axborot-kommunikatsiya sohasini rivojlantirish, media mahsulotlar sifatini oshirish hamda yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida zamonaviy Media markaz tashkil etildi.
Mazkur markaz zamonaviy interer yechimlari, innovatsion texnik jihozlar va qulay ish muhiti bilan ta’minlangan bo‘lib, jurnalistlar, blogerlar, dizaynerlar, operatorlar, SMM mutaxassislari hamda kontent yaratuvchilar uchun ko‘p funksional ijodiy maydon vazifasini bajaradi.
Markazda foto va videokontent tayyorlash, montaj ishlarini amalga oshirish, podkast va intervyular yozish, matbuot anjumanlari, brifinglar va taqdimotlar o‘tkazish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, grafik dizayn, raqamli marketing, media savodxonlik, kontent yaratish hamda sun’iy intellekt texnologiyalariga bag‘ishlangan o‘quv-seminarlar va amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish imkoniyati mavjud.
Bundan tashqari, markazda yoshlarning media loyihalarini amaliy qo‘llab-quvvatlash, jamoaviy muhokamalar, ijodiy uchrashuvlar va treninglarni o‘tkazish uchun maxsus maydonlar tashkil etilgan. Zamonaviy kutubxona, coworking hududi, uchrashuv xonalari hamda qulay kutish zonalari tashrif buyuruvchilarning samarali faoliyat yuritishiga xizmat qiladi.
Ta’kidlash lozimki, mazkur media markaz hududda zamonaviy media muhitni shakllantirish, sifatli milliy kontentlar yaratish, raqamli kommunikatsiya sohasida malakali kadrlar tayyorlash va yoshlarning kreativ g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladigan muhim innovatsion maskan hisoblanadi.
Tadbirda viloyat hokimi M.Azimov ishtirok etdi.
[gallery-30200]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari