Festival orqali milliy birdamlik g‘oyalari keng targ‘ib etildi
Sirdaryo viloyatida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamda qator hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan tashkil etilgan “Mustaqillik to‘yi” festivali doirasida milliy birdamlik, vatanparvarlik va ma’naviy qadriyatlarni targ‘ib etishga qaratilgan keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazildi.
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan festival “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida yuqori ruhda bo‘lib o‘tdi.

Tadbirlar davomida taniqli adiblar, san’atkorlar, madaniyat va ma’rifat namoyandalari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, konsert dasturlari va ijodiy loyihalar tashkil etildi. Festival doirasida “Mustaqillik marshlari”, “Yaxshilik karvoni”, “Shijoat”, “Shukronalik”, “Kitob karvoni” hamda “Umummilliy birdamlik” kabi loyihalar amalga oshirildi.

Mirzaobod tumanida xorijda tahsil olayotgan vatandoshlar bilan onlayn muloqot tashkil etildi. Uchrashuvda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda xalqaro ta’lim tajribalari haqida fikr almashildi. Shuningdek, uy ta’limida tahsil olayotgan bolalar holidan xabar olinib, ularga o‘quv anjomlari topshirildi.

Festival doirasida harbiy qismlarda “Shijoat” loyihasi o‘tkazilib, vatanparvarlik g‘oyalari keng targ‘ib etildi. Tadbirlarda harbiy xizmatchilar va yoshlar ishtirok etib, Vatanga sadoqat, tinchlik va barqarorlikning ahamiyati haqida ma’naviy suhbatlar olib borildi.

Shuningdek, tuman va shaharlarda gala-konsertlar, ommaviy yurishlar hamda madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etildi. Ularda mahalla aholisi, yoshlar, nuroniylar va keng jamoatchilik faol ishtirok etdi.
Festival doirasida “Kitob karvoni” loyihasi orqali yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Turli badiiy va ilmiy-ommabop adabiyotlar taqdim etildi, intellektual o‘yinlar o‘tkazildi.
Shuningdek, “Yaxshilik karvoni” loyihasi doirasida ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga amaliy yordam ko‘rsatildi.

— Mazkur festival yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularda Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, turli loyihalar doirasida tashkil etilgan tadbirlar aholi o‘rtasida birdamlikni kuchaytirib, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qiladi, — deya ta’kidladi tadbirda ishtirok etgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Murod Hayitov.

Bir so‘z bilan aytganda, Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan “Mustaqillik to‘yi” festivali jamiyatda birdamlik, hamjihatlik va ma’naviy yuksalish ruhini yanada mustahkamladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri