Zamonaviy diplomatiya - yoshlar muhokamasida
Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Qalb diplomatiyasi” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya doirasida ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashdi, yangi hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ilgari surildi hamda bir qator muhim tashabbuslar muhokamaga qo‘yildi.

Dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan yetakchi akademiklar, tajribali siyosat arboblari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda istiqbolli yosh yetakchilar ishtirok etgan mazkur tadbir turli madaniyat va qarashlarni bir maydonda jamlab, ochiq muloqot va o‘zaro ishonch muhitini shakllantirishga xizmat qildi.

Xususan, tadbir davomida zamonaviy diplomatiyada insoniy qadriyatlarning o‘rni, global muammolarni hal etishda yoshlarning roli, madaniyatlararo muloqot va o‘zaro hurmatni mustahkamlash hamda tinchlik va barqaror rivojlanish yo‘lida xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda “Qalb diplomatiyasi” tushunchasi bu faqat rasmiy muzokaralar emas, balki yurakdan chiqqan samimiy muloqot, insonlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash va kelajak avlod uchun tinch, adolatli hamda barqaror dunyo barpo etishga qaratilgan muhim yondashuv sifatida e’tirof etildi.

Gulnoza Boboyeva,
O‘zA