Zakovat va bag‘rikenglik uyg‘un
O‘zbekistonda barcha millat va elat vakillarining tili, madaniyati va an’analarini asrab-avaylash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Mamlakatimizda millatlararo totuvlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlar izchil davom etmoqda.
Bu esa har bir xalq vakiliga o‘z ona tili, milliy qadriyatlari va madaniy merosini erkin rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratmoqda.

Jizzax viloyatida faoliyat yuritayotgan Tojik milliy madaniy markazi hamda iste’dodli o‘zbekistonlik tojik adibi Yunusi Imomnazar tashabbusi bilan tashkil etilgan “Xiradmand” (donishmand) intellektual o‘yini ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur loyiha yoshlarning nafaqat bilim saviyasini oshirish, balki ularda milliy o‘zlikni anglash va ma’naviy kamolotni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Nurato tizma tog‘lari bag‘rida joylashgan tojik maktablari o‘quvchilari o‘rtasida muntazam o‘tkazib kelinayotgan ushbu intellektual bahs tom ma’noda ma’rifat maydoniga aylandi. U nafaqat bilimlar sinovi, balki yurtimizda turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati va urf-odatlarini asrab-avaylashga qaratilgan davlat siyosatining amaliy ifodasidir.
Navbatdagi to‘qqizinchi musobaqa Forish tumanidagi tojik tilida ta’lim olib boriladigan 14-umumta’lim maktabida tashkil etildi. Unda buyuk mutafakkir Jaloliddin Rumiyning “Masnaviyi ma’naviy” asaridagi hikmatlar asosiy mavzu sifatida tanlandi. Bu esa ishtirokchilarning nafaqat bilim doirasini kengaytirdi, balki ularning ma’naviy dunyosiga ham teran ta’sir ko‘rsatdi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakunida Forish tumani tojik maktablari o‘quvchilaridan iborat “Nuri Forish” jamoasi Nurota tumani vakillari — “Ma’rifati nur” jamoasi ustidan ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Bellashuv ishtirokchilari munosib taqdirlanib, g‘oliblar faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.
Bunday tadbirlarning yuksak saviyada o‘tkazilayotgani zamirida mamlakatimizda ta’lim sohasiga, xususan, milliy tillarda ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor mujassam. Xususan, Forish tumanida tojik aholisi istiqomat qiladigan hududlarda beshta tojik tilida ta’lim beruvchi maktab faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu ta’lim muassasalari zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta’minlangan bo‘lib, o‘quvchilar tojik tilida nashr etilgan darsliklar va badiiy adabiyotlar bilan to‘liq ta’minlangan.

Bu kabi amaliy ishlar yurtimizda barcha millat va elat vakillari uchun teng imkoniyatlar yaratilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Eng muhimi, mamlakatimizda turli millat vakillari bir oiladek ahil-inoq yashab, umumiy taraqqiyot yo‘lida yelkama-yelka mehnat qilmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, “Xiradmand” intellektual o‘yini kabi ma’naviy-ma’rifiy loyihalar yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini yuksaltirish bilan birga, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri