Xivada sud-tibbiy ekspertiza bo‘yicha trening o‘tkazildi
Ikki kunlik o‘quv kurslari Istanbul protokoli asosida qiynoqlar va shafqatsiz muomala holatlarini hujjatlashtirish mavzusiga bag‘ishlandi.
YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti hamda Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi hamkorligida tashkil etilgan treningda Buxoro, Xorazm, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 60 nafar penitensiar tizim tibbiyot xodimlari va sud-tibbiyot ekspertlari ishtirok etdi.

O‘quv kursi davomida ishtirokchilar shafqatsiz muomala holatlari bo‘yicha dalillarni ilmiy asoslangan va huquqiy jihatdan to‘g‘ri aniqlash, qayd etish va hujjatlashtirish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirdi.
– Qiynoqlarning belgi va asoratlari doim ham yaqqol ko‘rinmasligi mumkin. Trening doirasida mutaxassislarni sodir bo‘lgan holatlarni puxta hujjatlashtirish va adolat qaror topishi uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga o‘rgatyapmiz. Tibbiyot va ilm-fan inson qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilishda kuchli vosita hisoblanadi, – dedi YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Antti Karttunen.
Tadbir doirasida Istanbul protokolini ishlab chiqish ishchi guruh a’zosi, xalqaro ekspert Rusudan Beriyashvili jabrlanganlar bilan muloqot qilish hamda tan jarohatlari va boshqa dalillarni hujjatlashtirish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Penitensiar tizim islohoti va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro maslahatchi Azamat Shambilov esa qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan milliy va xalqaro mexanizmlar haqida ma’lumot berdi.

Treningda hujjatlashtirish jarayoni jabrlanuvchilarga qo‘shimcha ruhiy yoki jismoniy jarohat yetkazmasligi lozimligi qayd etildi.
Bu kabi o‘quv kurslarini 16-17-aprel kunlari Buxoro shahrida ham o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘zA