Yurtimizda yapon qo‘g‘irchoqlari ko‘rgazmasi namoyish etildi
Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Badiiy akademiya hamkorligida tashkil etilgan “Yapon qo‘g‘irchoqlarining san’ati va go‘zalligi" nomli ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yapon an’anaviy qo‘g‘irchoqlari “ningyo” deb ataladi. Bu qo‘g‘irchoqlar bolalar o‘ynay olishmaydigan darajada katta. Bunday qo‘g‘irchoqlar butun olamni o‘ziga mujassamlashtirganki, estetika, din va hattoki, tasavvufni ham o‘z ichiga olgan. Shuning uchun ham Yaponiyada hayratlanarli bo‘lsa-da, qo‘g‘irchoqlarning ko‘p qismi kattalarga mo‘ljallangan.

“Ningyo”ni “odam shakli” deb atash ham mumkin. U boshidanoq jiddiy niyatlarga xizmat qilgan. Kattalarning maqsadi – uyi va oilasini kasalliklardan, la’natlangan, yovuz ruhlardan asrash.

Ko‘rgazmada qayd etilganidek, yapon qo‘g‘irchoqlari ko‘rgazmasida namoyish qilinayotgan qo‘g‘irchoqlarning har biri ma’lum tarixga ega. Asosiysi, qo‘g‘irchoqlarning go‘zal va nafisligi sizni befarq qoldirmaydi.

Ko‘rgazma joriy yilning 5 martigacha davom etadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA