Yuridik ta’limda yangi davr: Nazariya va amaliyotning haqiqiy uyg‘unlashuvi
O‘zbekiston yuridik ta’limi tarixida juda muhim va tub burilish yasovchi yangi sahifa ochilmoqda.
Prezidentimizning 2025 yil 26 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni shunchaki navbatdagi rasmiy hujjat emas, balki mamlakatimizda huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini butunlay o‘zgartirishga qaratilgan tarixiy qadamdir.
Ushbu islohotning asosiy g‘oyasi “Ta’lim sifatini oshirish — Yangi O‘zbekistonni rivojlantirishning yagona to‘g‘ri yo‘li” tamoyiliga asoslangan bo‘lib, u ta’limni qog‘ozdagi nazariyadan real hayotga ko‘chirishni maqsad qilgan.

Ko‘pchilik ota-onalar va talabalar uchun eng qiziqarli va muhim yangilik shundaki, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universitetida eksperiment tariqasida butunlay yangi o‘qitish modeli joriy etiladi. Masalan, endilikda ikkinchi kurs talabasi kunining faqat yarmini universitet auditoriyasida nazariy bilimlarni o‘rganish bilan o‘tkazadi. Kunning qolgan yarmida esa u bevosita sud majlislarida qatnashadi yoki prokuratura organlarida haqiqiy ish jarayonini kuzatib, tajriba orttiradi.
Bu tizimning eng katta yutug‘i shundaki, talaba endi kitoblardagi quruq qoidalarni shunchaki yodlab o‘tirmaydi. U auditoriyada o‘rgangan har bir qonun-qoidasini ertasi kuni sud zalida yoki tergov jarayonida amalda qanday ishlashini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi va his qiladi.
Darslar ham zerikarli ma’ruzalar shaklida emas, balki aniq muammoli vaziyatlarni tahlil qilish, real jinoiy yoki fuqarolik ishlari ustida bosh qotirish ("problem-based learning") uslubida olib boriladi. Bu yoshlarni passiv tinglovchidan jarayonning faol ishtirokchisiga aylantiradi.
Universitetning o‘zi ham katta o‘zgarishlar ostonasida turibdi. Eski va ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan "kafedra" tizimi o‘rniga zamonaviy tarmoq fakultetlari (sho‘’balar) tashkil etiladi. Bu shunchaki nom o‘zgarishi emas. Har bir fakultet tarkibida o‘qitishdan tashqari, ilmiy tadqiqot markazlari va eng muhimi amaliyot-martaba markazlari faoliyat yuritadi. Bu markazlar talabaga o‘qish davridayoq o‘ziga mos ish joyini topishga va bo‘lajak ish beruvchisi bilan tanishishga yordam beradi.
Yana bir muhim yangilik bu sun’iy intellektning ta’limga kirib kelishidan iboratdir. «Universitet 5.0» konsepsiyasi doirasida talabalarning bilimini baholash va yakuniy imtihonlarni tekshirish ishlari inson omilisiz, maxsus mashinalar va sun’iy intellekt yordamida amalga oshiriladi. Bu baholashda tanish-bilishchilikka chek qo‘yib, to‘liq adolatni ta’minlaydi hamda o‘qituvchilarni qog‘ozbozlikdan ozod qilib, ularga talabalar bilan ijodiy ishlash uchun vaqt beradi. Lekin shuni unutmaslik kerakki, texnologiyalar qanchalik rivojlanmasin, u ustoz-shogird an’anasini to‘liq almashtirmaydi, faqat yordamchi vazifasini bajaradi.
Yurist bo‘lishni maqsad qilgan yoshlar uchun talablar jiddiylashmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad esa Toshkent davlat yuridik universitetini 2030 yilga kelib dunyoning eng kuchli 1000 ta universiteti qatoriga qo‘shish. Shu sababli, o‘qishga kirish uchun abituriyentdan B2 darajasidagi chet tili sertifikati va xalqaro standartdagi IQ-test (mantiqiy fikrlash) natijalari talab etiladi.
Shuningdek, ijtimoiy adolatni ta’minlash maqsadida 2026 yil 1 martdan boshlab o‘qishga kirishdagi turli imtiyozlar keskin qisqartiriladi. Imtiyozlar faqat harbiy xizmatchilar, ichki ishlar xodimlari, olimpiada g‘oliblari va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar uchungina saqlanib qolinadi. Ya’ni, yurist kasbini endi faqat o‘z bilimi, iqtidori va sabr-toqati bor yoshlargina egallaydi.
Ushbu islohotlar O‘zbekistonda yuridik ta’limning butunlay yangi davrini boshlab bermoqda. Nazariya va amaliyotning birlashishi, zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi va talablarning kuchaytirilishi — bularning barchasi pirovardida xalqimizga savodli, adolatli va o‘z ishining ustasi bo‘lgan huquqshunoslarni yetkazib berishga xizmat qiladi.
Amirjon Mardonov,
Toshkent davlat yuridik universitetining
Huquq va texnologiyalar sho‘’basi o‘qituvchisi.