“Yashil makon” Termizning mashhur chang-to‘zonlarini chekintirmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-aprel kuni “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etib, Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berishga bag‘ishlangan marosimda Surxondaryo viloyatida o‘rmonzorlar barpo etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni alohida qayd etdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi Surxon vohasida o‘rmonzorlarni yanada kengaytirib, “afg‘on shamoli” nomi bilan ataladigan chang-to‘zonlari ko‘tarilishining salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilashga xizmat qila boshlagani bilan ham odamlarning ko‘chat ekib, yangi bog‘-rog‘lar barpo etishga qiziqishini oshirdi.

Umummilliy harakatga aylangan loyiha boshlanganidan buyon vohada 50 million donadan ortiq turli daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazilib, hududlarning yashil maydonlari kengaytirildi. Bundan atigi olti yil avval viloyatning “Yashillik darajasi” 9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yil 14,5 foizga yetdi. Joriy yil yakunigacha bu ko‘rsatkich 15,8 foizga yetkaziladi.
Shu paytgacha janubdagi voha, ayniqsa, Termiz shahri va tumaniga jiddiy ta’sir etadigan “afg‘on shamoli”ning oldini olish surxondaryoliklar uchun ushalmas orzudek bo‘lib tuyular edi. Bo‘sh yerlarga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, hududlarning “Yashillik darajasi” ko‘tarila boshlagach, viloyat markazi va boshqa hududlarda kuchli shamol tufayli yuzaga keladigan chang bo‘ronlari ta’sirini kamaytirish bo‘yicha ham ilmiy izlanishlar boshlandi.
O‘tgan yil viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov shamol ta’sirini kamaytirish uchun xorij tajribasi asosida ilmiy yondashuv g‘oyasini ilgari surdi. Chang bo‘ronlari vohaga qo‘shni Afg‘onistonning shimoliy hududidagi 600 ming gektar maydondagi qum barxanlari orqali kirib kelayotgani aniqlandi.

Mutaxassislarning aytishicha, hududda bir yilda o‘rtacha 151 kungacha uzluksiz davomiyligi 8 soatdan 24 soatgacha bo‘lgan chang to‘zonlari kuzatiladi. Yozning jazirama issiq kunlarida faslga xos quruqlik sababli “afg‘on shamoli” chang bo‘ronining tezligi sekundiga 7-12 metrni tashkil etsa ham, to‘zon ko‘tarilib, tevarak-atrofga qum zarralarini sochadi. Uning ta’sirini kamaytirish uchun o‘tgan yil viloyatda 2026-2030-yillarda 10 ming gektar yer maydonida “yashil qoplama” va “yashil belbog‘” barpo etish rejalashtirib olindi.
– Chang to‘zonlari ta’sirini yumshatish va ekologik barqarorlikni ta’minlash uchun keng qamrovli ish boshlandi, – deydi viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Urunov. – Viloyatimiz rahbari yangi yilning ilk kunlaridan vohada tez isib ketishini e’tiborga olib, bahorgi ko‘chat ekish ishlarini yanvar oyida boshlash tashabbusini o‘rtaga tashladi. Ko‘chatni markazlashgan holda ekishni taklif etdi. Qish fasli iliq kelganidan foydalanib, yoshu keksa ko‘chat ekib, yashil maydonlar barpo etishga kirishdi. Tashkilot va idoralar xodimlari, davlat xizmatchilari Angor va Termiz tumanlaridagi 323 gektar yer maydonida “O‘rmon usulida” mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini qadadi. Tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etildi.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Angor tumani M39 xalqaro magistral avtomobil yo‘lining Angor tumani hududidan o‘tuvchi qismida 102 gektar maydonda “o‘rmon usulida” 261 ming tup archa ko‘chati o‘tqazildi. Termiz tumanidagi Yangiobod mahallasi hududida “yashil belbog‘” usulida 31 gektar yerda qariyb 13 ming tup eldor qarag‘ay va 6,5 ming tup na’matakzor barpo etildi. Termiz tumanining Kattaqum massivida 82 gektar yer maydonida 218 ming tup eldor qarag‘ay, tut, xila, katalpa va turli mevali daraxt ko‘chatlari ekildi. Angor tumanining Qoraqir massividagi 108 gektar yer maydonida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining 7,5 milliard so‘m mablag‘i evaziga viloyatdagi oltita davlat o‘rmon xo‘jaligi xodimlarining mehnati bilan hududning iqlim sharoitiga mos 270 ming tup eldor qarag‘ayi, virgin archa, tuya, tut va katalpa singari manzarali daraxt ko‘chatlaridan iborat yangi o‘rmonzor tashkil etildi.
– Qumloq yerlarda daraxt o‘stirishning o‘zi bo‘lmaydi, – deydi “Surxondaryo yo‘l ko‘klam” unitar korxonasi ishchisi Ulug‘bek Quvondiqov. – Har kuni erta tongdan kelib, bizga ajratilgan maydondagi ko‘chatlarga qaraymiz. Ular sifatli o‘sib ketishi uchun suv beramiz. O‘rmon xo‘jaliklaridan biriktirilgan xodimlar ham o‘zlari ekkan ko‘chatlarning parvarishi bilan shug‘ullanmoqda. Shu paytgacha qum ko‘chib yotgan bu qir-adirlik ko‘chatlar rivojlanib ketgach, barchaga xushkayfiyat ulashadigan yam-yashil o‘rmonga aylanadi. Tevarak-atrofga qum ko‘chishiga ham chek qo‘yadi.
Viloyatda xorijiy tajribalar o‘rganilyapti va yashil hududlarni ko‘paytirishga ilmiy yondashuv qo‘llanilyapti. Shu jarayon esa vohada yangi g‘oyalar paydo bo‘lishiga turtki beryapti. Jumladan, endilikda Sherobod tumanida yuz gektar maydonda Botanika va Dendrologiya bog‘lari yaratilib, “yashil texnikum” tashkil etiladigan bo‘ldi. Texnikum qoshida viloyat iqlimiga mos ko‘chatlarni yetishtirish, iqlimga moslashtirish va ko‘paytirish uchun alohida “in-vitro” laboratoriyasi ham ish boshlaydi. Afg‘oniston bilan chegara bo‘ylab 390 gektar maydon yoki 150 kilometr masofaga uch million 700 tup ko‘chat ekib, “Yashil belbog‘” tashkil etiladi. Odamlarning bo‘sh vaqtlarini soya-salqin yashillik qo‘ynida serzavq o‘tkazishi uchun hududlarda soyali sayil ko‘chalari, “Mening bog‘im” loyihasi doirasida 15 ta “Yashil bog‘” va “Yashil jamoat parklari” barpo etish ham rejalashtirib olingan. Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar iqlim o‘zgarishi yuz berayotgan bir paytda hududlar mo‘’tadilligini ta’minlab, odamlarning tinch, to‘kin, sog‘lom hayot kechirishiga xizmat qiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri