Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash instituti vakillari Shanxaydagi o‘quv dasturida qatnashdi
Bugungi raqamli texnologiyalar asrida huquq tizimini ham zamonaviy talablar asosida rivojlantirish yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlash bilan uzviy bog‘liq. Shu bois, mamlakatimizda adliya va yuridik ta’lim sohasini xalqaro andozalar darajasiga ko‘tarish, soha mutaxassislarining xorij tajribasini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti vakillari Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay shahrida tashkil etilgan nufuzli o‘quv dasturida ishtirok etdi.
Dastur doirasida institut direktorining birinchi o‘rinbosari Rustam Xursanov “SHHTning iqtisodiyot va savdo sohasidagi huquqiy xizmatlarini muvofiqlashtirish mexanizmini shakllantirish — huquqiy xizmatlar hamjamiyati va tarmoqlararo hamkorlik yo‘nalishlari” mavzusidagi ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Mazkur mavzu Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida iqtisodiy va savdo munosabatlarini huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, huquqiy xizmatlarni muvofiqlashtirish hamda tarmoqlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalarini qamrab oladi.
Ushbu o‘quv dasturi institut xodimlari uchun Xitoyning zamonaviy huquqiy tizimi, raqamli texnologiyalarni adliya va sud tizimiga joriy etish tajribasini yaqindan o‘rganish hamda orttirilgan bilimlar asosida institutning ichki o‘quv modullari va metodikasini yangilash hamda zamonaviylashtirish imkonini berdi.

Shuningdek, o‘quv dasturidagi mavzular huquqiy xizmatlar sohasida xorijiy tajribani o‘rganish, o‘zaro tajriba almashish va kasbiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA