“O‘zkimyosanoat” AJning 9 oylik faoliyati: murojaatdan yechimgacha
“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda jamiyatda 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash borasida amalga oshirilgan ishlar, ularni ko‘rib chiqish natijalari hamda fuqarolar bilan ochiq muloqotni ta’minlash yo‘nalishidagi faoliyat yuzasidan ma’lumot berildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, hisobot davrida jamiyat ijro apparatiga jami 198 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 59 tasi yozma, 42 tasi og‘zaki va 97 tasi elektron shaklda qabul qilingan. Murojaatlarning 130 tasi jismoniy shaxslar, 68 tasi esa yuridik shaxslar tomonidan yo‘llangan.
Kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida ularda ko‘tarilgan masalalarni har tomonlama o‘rganish, qonunchilik talablari asosida yechim topish hamda murojaat mualliflariga zarur tushuntirishlar berishga alohida e’tibor qaratildi.
Natijada 90 ta murojaat ijobiy hal etildi, 94 tasi bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berildi. 3 ta murojaat taalluqliligi bo‘yicha tegishli tashkilotlarga yuborildi. Yana 6 ta murojaatni ko‘rib chiqish ishlari davom etmoqda.
Shuningdek, tadbirda fuqarolar bilan bevosita muloqotni kuchaytirish va ularni qiynayotgan muammolarni joyida o‘rganishga qaratilgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, jamiyat boshqaruvi raisi hamda uning o‘rinbosarlari tomonidan hududlarda 11-marta sayyor qabul tashkil etildi. Ushbu qabullarda fuqarolarning 35 ta murojaati ko‘rib chiqilib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Brifingda ta’kidlanganidek, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishda “Xalq qabulxonalari” bilan hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Hisobot davrida mazkur qabulxonalar orqali kelib tushgan 2 ta murojaat belgilangan muddatlarda ijobiy hal qilingan.
Murojaatlar tahliliga ko‘ra, fuqarolar va tashkilotlarni, asosan, ishga joylashish, mineral o‘g‘itlar xaridi, qonunchilik va belgilangan tartib-taomillarga rioya etilishi, ish haqi, homiylik yordami hamda hamkorlik masalalari qiziqtirmoqda.
Brifing yakunida “O‘zkimyosanoat” AJda murojaatlar bilan ishlash faoliyatining asosiy maqsadi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish, ularda ko‘tarilgan masalalarni xolisona o‘rganish, qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda jamiyat faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni mustahkamlashdan iborat ekani ta’kidlandi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA