Yunus O‘g‘uz: Amir Temur yangi siyosiy va madaniy tizim yaratgan buyuk davlat arbobi
Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “Amir Temur va Temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni” xalqaro ilmiy anjumani doirasida O‘zA muxbiri yozuvchi va tadqiqotchi Yunus O‘g‘uz bilan suhbatlashdi.
– Men bunday anjumanda ikkinchi bor ishtirok etyapman. Amir Temur haqida yozgan ikki kitobim Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda nashr etilgan.
Sohibqironning eng ulkan xizmati yangi tizim yarata olganida. U buyuk davlatchilik tajribasi asosida iqtisodiy, madaniy va boshqaruv tizimini shakllantirgan. Juda ko‘p urushlar insoniyatga faqat vayronagarchilik keltirgan. Temur esa harbiy to‘qnashuvlardan keyin o‘sha manzillarda yangi madaniyat, odil muhit yaratgan.
Amir Temurning har bir yurishida muayyan maqsad, keng ko‘lamli reja bo‘lgan. U faqat harbiy harakat bilan cheklanmay, har joyda ilm-fan va ta’limga alohida e’tibor qaratgan.Madrasalar qurdirgan, olimlar bilan maslahatlashgan.
Umuman, Temurning faoliyati turkiy dunyo uchun juda muhim, jipslashtiruvchi omildir. Bugun ham turkiy davlatlar hamkorligi tobora kuchaymoqda. Tarixda birlashishga harbiy kuch bilan erishilgan bo‘lsa, bugun bu jarayon ilm-fan, madaniyat va muloqot orqali amalga oshirilmoqda.
D.Hakimov, F.Abdurasulov (surat), O‘zA