Yozgi ta’tilda 156 mingdan ortiq bola sog‘lomlashtirish maydonchalariga jalb etiladi
Mamlakatimizda yozgi ta’til davrida bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning dam olishi, ijodiy va jismoniy rivojlanishini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan oromgohlarga jalb etilmagan o‘quvchilarni qamrab olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda mamlakatning turli hududlaridagi ta’lim muassasalari negizida 1 ming 242 ta sog‘lomlashtirish maydonchasi tashkil etilib, ularda 156 ming 475 nafar bolaning mazmunli dam olishi rejalashtirilgan.
Maydonchalarda bolalar uchun sport, san’at va IT yo‘nalishlarida turli to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, ularga mo‘ljallangan qiziqarli kino va multfilmlar namoyish etiladi.
Bundan tashqari, 208 ta “Turon” maktab teatri hamda “Iqtidor” bolalar ansambli jamoalari ishtirokida teatr tomoshalari va konsert dasturlari tashkil etiladi.
Yozgi ta’til davomida o‘quvchilarning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda 223 ta “Kelajak” markazida madaniyat va san’at yo‘nalishlaridagi turli to‘garaklar ham faoliyat yuritadi.
Shu bilan birga, futbol bo‘yicha Jahon chempionatida ishtirok etayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 208 ta umumta’lim maktabida “Muxlislar maydoni” loyihasi amalga oshiriladi. Ushbu tashabbus doirasida 122 ming nafardan ziyod o‘quvchi yoshlarni qamrab olish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, sog‘lomlashtirish maydonchalari tashkil etiladigan maktablar ro‘yxati tegishli manbalarda e’lon qilingan. Bu tashabbuslar bolalarning yozgi ta’tili mazmunli, xavfsiz va qiziqarli o‘tishiga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA