“Yoshlar oyligi” boshlandi
Bugungi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng muhim omillaridan biri bu bilimli, tashabbuskor, vatanparvar va fidoyi yoshlarni kamol toptirishdir. Zero, har qanday davlatning ertangi kuni, uning taraqqiyoti va qudrati yosh avlodning ma’naviy dunyosi, intellektual salohiyati hamda Vatanga bo‘lgan muhabbati bilan chambarchas bog‘liq.
Ulug‘ maqsadlar yo‘lida har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan “Yoshlar oyligi” tadbirlariga Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugining barcha garnizonlarida ko‘tarinki ruh va yuksak tantana bilan start berildi. Tadbirlarda yoshlar, faxriylar, nuroniylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar yetakchilari hamda harbiy xizmatchilarning farzandlari ishtirok etdi.
Tantanali tadbirlar davomida yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, ularning orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar alohida ta’kidlandi. So‘zga chiqqanlar yoshlar mamlakatning eng katta boyligi, taraqqiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchi ekanligini, ularni yurtga sadoqat, xalq manfaatlariga daxldorlik va mas’uliyat tuyg‘usi bilan ulg‘ayishlarini qayd etdilar.
Bolalar qalbida ezgulik va mehr-oqibat tuyg‘ularini mustahkamlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida tayyorlangan dasturlar bayramga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Har bir bolaning yuzidagi samimiy tabassum, ko‘zlaridagi quvonch va shodlik ushbu ezgu tashabbuslarning amaliy natijasi bo‘ldi.
Bayram tadbirlarining eng ta’sirchan jihatlaridan biri harbiy orkestr jamoalarining jo‘shqin chiqishlari, yosh ijodkorlarning sahna ko‘rinishlari hamda badiiy dasturlar tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, haqiqiy bayram muhitini yaratdi.
[gallery-29747]
Ta’kidlash joizki, “Yoshlar oyligi” faqatgina bayram tadbirlari bilan cheklanib qolmaydi. Oylik davomida barcha garnizonlarda sport musobaqalari, harbiy-vatanparvarlik uchrashuvlari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, kitobxonlik tanlovlari, intellektual bellashuvlar, ochiq muloqotlar va yoshlarning bilim hamda dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiluvchi ko‘plab loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilganligi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning iste’dod va qobiliyatlarini yuzaga chiqarish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda Vatan himoyachilariga bo‘lgan hurmatni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.