“Yoshlik bahori” yosh opera ijrochilar festivali o‘tkazildi
Toshkent shahrida “Yoshlik bahori” iqtidorli ijodkor yoshlar forumi ilk marotaba tashkil etildi.
Forum doirasida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi bilan hamkorlikda “Yoshlik bahori” yosh opera ijrochilari festivali ham o‘tkazildi.
Opera yo‘nalishida yangi iste’dodlarni kashf etish maqsadida o‘tkazilgan ushbu festivalda O‘zbekiston xalq artistlari Ramiz Usmonov, Samandar Alimov va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ma’suma Boltaboyeva Hakamlar hay’ati sifatida ishtirokchilarni baholab bordi.

"Yoshlik bahori" yosh opera ijrochilari festivali yakunlariga ko‘ra, “Eng yaxshi yosh ijrochi” nominatsiyasida Oynoz To‘xtayeva, “Eng yaxshi erkak ovozi” nominatsiyasida Suhrob Jumayev, “Eng yaxshi ayol ovozi” nominatsiyasida Bekzoda Suyunova, “Eng yaxshi jahon opera ijrochisi” nominatsiyasida Baxit Kidirbayev, “Eng yaxshi o‘zbek opera ijrochisi” nominatsiyasida Rustam Ilyosov g‘olib bo‘ldi.

“Turkiston” san’at saroyida bo‘lib o‘tgan yoshlar forumining tantanali yopilish marosimida ushbu festival g‘oliblari ham tantanali taqdirlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan o‘tkazilgan mazkur forumda yurtimizdagi madaniyat va san’at sohasida ta’lim olayotgan hamda faoliyat olib borayotgan 14 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan 600 nafardan ortiq iqtidorli ijodkor yoshlar ishtirok etdi.
N.Usmonova,
O‘zA