Sanitariya talablari raqamlashtirilmoqda – tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar
Mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan sohani raqamlashtirish orqali tadbirkorlarga yengillik yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Gigiyenik o‘qitish jarayonlarini zamonaviylashtirish maqsadida ishga tushirilgan study.sanepid.uz onlayn platformasi bu yo‘ldagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Yangi raqamli platforma masofaviy o‘qitish imkoniyatini taqdim etib, korxona va tashkilotlarning vaqtini tejash va ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Hozircha platforma orqali oziq-ovqat sanoatining eng muhim bo‘g‘inlari — go‘sht, sut, non va un mahsulotlari, shuningdek, biologik faol qo‘shimchalar va tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar xodimlari kasbiy-gigiyenik tayyorgarlikdan o‘tkaziladi.
Ushbu tizimning joriy etilishi natijasida o‘quv kurslarini yakunlab, test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan xodimlarga QR-kodli sertifikatlar avtomatik tarzda taqdim etiladi. Bu esa hujjatlarni qalbakilashtirish xavfini yo‘qotadi.
Ish beruvchilar o‘z xodimlarining o‘qish darajasini va sertifikatlari muddatini onlayn tarzda kuzatib borish imkoniga ega bo‘ladi.
Tizim nazorat organlari bilan ishlashda shaffoflikni oshiradi va tekshiruv jarayonlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tushunmovchiliklarni bartaraf etadi.
Sanitariya minimumi shunchaki rasmiyatchilik emas, balki aholi salomatligiga bevosita ta’sir qiluvchi profilaktika chorasidir. Shu bois, Qo‘mita barcha tadbirkorlik sub’ektlarini mazkur platforma orqali hamkorlik qilishga chaqiradi.
Hamkorlik doirasida korxonalar uchun alohida analitik ma’lumotlar va hisobotlar taqdim etish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa ishlab chiqarish jarayonida sanitariya me’yorlariga rioya etilishini yuqori bosqichga olib chiqishga imkon beradi.
Yangi raqamli yechim nafaqat biznes vakillariga qulaylik yaratadi, balki iste’molchilarga yetkazib berilayotgan mahsulotlarning xavfsizligini kafolatlashda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, mashg‘ulotlar to‘lov-shartnoma asosida, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha korxonalar uchun onlayn formatda amalga oshiriladi. Qo‘shimcha ma’lumotlarni study.sanepid.uz saytidan olish mumkin.
Mohigul Qosimova, O‘zA