Yoshlar kunida interaktiv ekskursiya
Kecha – yoshlar bilan muloqot kunida Samarqand viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Sattorov uchrashuvni interaktiv ekskursiya tarzida tashkil etdi.
Yoshlar dastlab, viloyat adliya boshqarmasida bo‘lib, idora faoliyati, uning asosiy yo‘nalishlari hamda xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi.

Tadbir davomida Lex.uz platformasidan samarali foydalanish, normativ-huquqiy hujjatlarni izlash va amaliyotda qo‘llash tartibi tushuntirildi. Shuningdek, my.gov portali orqali davlat xizmatlaridan foydalanish, ariza topshirish, elektron xizmatlar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.

E’tiborlisi, tadbir doirasida psixolog ishtirokida yoshlar bilan muloqot ham tashkil etildi. Unda yoshlar stress, ishonchsizlik va shaxsiy rivojlanish kabi mavzular yuzasidan maslahatlar oldi. Psixolog tomonidan berilgan amaliy tavsiyalar yoshlarning ruhiy barqarorligini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.


Rahbar va yoshlar uchrashuvi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i, viloyat harbiy prokurori va harbiy sudi raisi hamkorligida Markaziy harbiy okrug muzeyi va “Amir Temur sinfi”da davom etdi. Yoshlar muzeydagi tarixiy eksponatlar, harbiy texnikalar namunalari va arxiv materiallari bilan tanishdi. Shu yerda rahbarlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, yigit-qizlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi, ayrim muammoli masalalarga yechim topildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari