Temir-beton korxonasida qonunbuzilish holatlari aniqlandi
Surxondaryo viloyati Termiz tumanida faoliyat yurituvchi “T.T.Q” xususiy korxonasida o‘tkazilgan davlat nazorati tadbiri davomida qator jiddiy kamchiliklar aniqlandi. Temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi ushbu korxonada amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilmagani ma’lum bo‘ldi.
Xususan, tekshiruv davomida korxona tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”, “Standartlashtirish to‘g‘risida” hamda “Metrologiya to‘g‘risida”gi Qonunlari talablari buzilgani aniqlangan. Sotuvga chiqarilayotgan mahsulotlarning belgilangan tartibda tamg‘alanmagani, davriy sinovlardan o‘tkazilmagani va eng muhimi, sifat guvohnomalarisiz iste’molchilarga yetkazib berilayotgani qayd etildi.
Mazkur holatlar yuzasidan korxona rahbariga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun sudga yuborildi. Shuningdek, iste’molchilarga yetkazilgan sifatsiz va standartga nomuvofiq mahsulotlarni qaytarib olish yuzasidan korxonaga tegishli taqdimnoma kiritildi.
Hamroz Bayonov, O‘zA