Yoshlar kelajagi uchun zamonaviy maskan
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yosh avlodning bilim olishi, iqtidorini namoyon etishi va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan zamonaviy “Yoshlar markazi” foydalanishga topshirildi.
Markazning ochilish marosimida respublika Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, viloyat va tuman mutasaddilari, nuroniylar, jamoatchilik vakillari hamda ko‘plab yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida fikr yuritildi.
Loyihaga muvofiq, “Yoshlar markazi”da zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘rganish uchun maxsus xonalar, texnikaga qiziquvchi yoshlar uchun robototexnika to‘garaklari, 2 mingdan ortiq kitob fondiga ega “Book cafe” kitob mutolaasi maskani tashkil etildi. Shuningdek, shaxmat-shashka, stol tennisi kabi sport to‘garaklari hamda intellektual salohiyatni oshirishga xizmat qiluvchi “Zakovat klubi” kurslari yo‘lga qo‘yildi.
[gallery-29292]
-Ushbu “Yoshlar markazi” qurilishi “Tashabbusli byudjet” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirildi, - deydi Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Suxrob Abdullayev. - Loyiha uchun o‘tgan yili 1,5 milliard so‘m mablag‘ yutib olindi. 2025-yil sentabr oyida boshlangan qurilish ishlari mahalliy pudratchi “Gulistonobod qurilish gold servis” MCHJ tomonidan amalga oshirildi.
Tadbirda so‘z olganlar mazkur markaz yoshlarning orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish va hal etish, iqtidorli yigit-qizlarning salohiyatini yuzaga chiqarishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Shuningdek, yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash, ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashish markaz faoliyatining asosiy maqsadlaridan biri ekani qayd etildi.
Alvon lenta qirqilib, markaz rasman foydalanishga topshirilgach, ishtirokchilar binoda yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, chekka tumanda shunday muhtasham va imkoniyatlarga boy maskanning barpo etilgani hudud yoshlari uchun katta hadya bo‘ldi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.