Olim xotirasiga ehtirom ko‘rsatildi
Xalqimizda "Yaxshidan bog‘ qoladi" degan maqol bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, o‘zidan qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy me’rosi bilan mangulikka muhrlangan umrlar yetarlicha. Xotira esa ana shunday ulug‘larni qadrlashga undovchi go‘zal qadriyat.
Shu maqsadda, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida atoqli tilshunos olim, professor Yormat Tojiyevning boy ilmiy merosini asrash va uni yosh avlodga yetkazishga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirning kulminatsiyasi olimning shaxsiy kutubxonasi uning farzandlari tomonidan universitet fondiga tantanali ravishda taqdim etilgani bo‘ldi.
Fond tarkibidan qariyb 2000 ga yaqin kitob, ilmiy manba, nodir nashrlar, lug‘atlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalari o‘rin olgan bo‘lib, mazkur adabiyotlar orasida o‘zbek tilshunosligi, nutq madaniyati, uslubiyat, morfologiya, til nazariyasi va psixolingvistika yo‘nalishlariga oid muhim ilmiy manbalar alohida ahamiyat kasb etadi.
“Yormat Tojiyev fondi”ning universitetga taqdim etilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda universitet rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov, marhum olimning shogirdlari bo‘lgan professor-o‘qituvchilar, ilmiy jamoatchilik vakillari hamda olimning farzandlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida Yormat Tojiyevning o‘zbek tilshunosligi rivojiga qo‘shgan munosib hissasi, uning ko‘p yillik ilmiy-pedagogik faoliyati va ustozlik maktabi haqida alohida so‘z yuritildi.
Ta’kidlash joizki, professor Yormat Tojiyev o‘zbek tilshunosligi sohasida yirik ilmiy maktab yaratgan olimlardan biri sifatida e’tirof etiladi. U uzoq yillar davomida Toshkent davlat universiteti - hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetida faoliyat yuritib, o‘zbek tilining morfemikasi, nutq madaniyati, uslubiyat va til nazariyasiga oid ko‘plab fundamental tadqiqotlarni amalga oshirgan. Olim “O‘zbek tili morfemikasi”, “Nutq madaniyati”, “O‘zbek nutqi madaniyati va uslubiyat asoslari” kabi ilmiy va o‘quv adabiyotlari orqali tilshunoslik rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan. Ustoz olimning ilmiy rahbarligida o‘nlab tadqiqotchilar nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan.
So‘zga chiqqanlar Yormat Tojiyevning nafaqat kuchli olim, balki talabchan va samimiy ustoz bo‘lgani, ilmga fidoyilik bilan xizmat qilganini alohida ta’kidladi. Tadbirda olim bilan bog‘liq iliq xotiralar ham yodga olindi.
Tadbir yakunida universitet jamoasi tomonidan Yormat Tojiyev oilasiga minnatdorlik bildirildi hamda ushbu tashabbus ilm-fan davomiyligini ta’minlash, ustozlar xotirasini ulug‘lash va yoshlarni ilmga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Sherbek Islomov, O‘zA