Yoshlar giyohvandlikka qarshi kurashda birlashmoqda
Toshkent harbiy okrugiga qarashli Mirzaobod tumanida joylashgan safarbarlik chaqiruv rezervi batalyonida “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik o‘quv yig‘ini ishtirokchilari bilan “Biz narkotiklarga qarshi kurashayotgan kuchli avlodmiz” shiori ostida targ‘ibot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat Kengashi, viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi, Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Ichki ishlar boshqarmasi hamda “Antinarko” front ofisi koordinatorlari hamkorligida tashkil etildi.

Uchrashuv davomida yoshlar o‘rtasida giyohvandlik vositalarining zararli oqibatlari, ularning inson salomatligi, oilaviy muhit va jamiyat taraqqiyotiga ko‘rsatadigan salbiy ta’siri haqida batafsil tushuntirish ishlari olib borildi. Shuningdek, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, zararli illatlarga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir davomida mutaxassislar giyohvandlikning oldini olishda oila, ta’lim muassasalari va jamoatchilikning o‘rni muhim ekanini ta’kidladilar. Yoshlarga bu borada shaxsiy mas’uliyat, qat’iy pozitsiya va faol hayotiy qarash zarurligi yuzasidan tavsiyalar berildi.

– Bilamizki, giyohvandlik vositalari nafaqat inson salomatligiga, balki uning ongi va dunyoqarashiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi o‘ta xavfli illatdir. Shu bois yurtimizda giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasi hamda tarqalishining oldini olish maqsadida kuch ishlatar tuzilmalar tomonidan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Bugun harbiy qismda “Jasorat maktabi” ishtirokchilari bilan o‘tkazilgan ushbu targ‘ibot uchrashuvi yoshlar ongi va dunyoqarashini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Kelgusida ham bunday tadbirlarni nafaqat ushbu yig‘in ishtirokchilari bilan, balki umumta’lim maktablari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida ham tizimli ravishda yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganmiz, — deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat Kengashi raisi Azizbek Rahmonov.

Tadbir ishtirokchilari ham sog‘lom hayot tarzini tanlash, yurt tinchligi va ravnaqi yo‘lida fidoyi bo‘lish, zararli illatlarga qarshi murosasiz kurash olib borish bo‘yicha o‘z fikr va tashabbuslarini bildirdilar. Ular bunday uchrashuvlar yoshlar ongini mustahkamlash va to‘g‘ri yo‘lni tanlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.

Mazkur targ‘ibot tadbiri yoshlarni sog‘lom, faol va mas’uliyatli avlod sifatida tarbiyalash, ularni turli zararli ta’sirlardan himoya qilishda muhim amaliy ahamiyat kasb etdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri