Yoshlar giyohvandlik va korrupsiyaga qarshi
Andijon viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, giyohvandlik va korrupsiyaga qarshi kurashish g‘oyalarini keng yoyish, shuningdek, yoshlarning intellektual salohiyati va jismoniy imkoniyatlarini namoyon etish maqsadida “Biz giyohvandlikka qarshimiz!” shiori ostida umumta’lim maktablari o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari talabalari, uyushmagan yoshlar vakillari ishtirokida targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlar doirasida tashkil etilgan sport musobaqalari, marafonlar qizg‘in va murosasiz bahslarda yoshlar faollik ko‘rsatdi.



Jumladan, Andijon shahrida “Biz giyohvandlikka qarshimiz!” mavzusida o‘tkazilgan rasmlar tanlovi ham ana shu yo‘nalishdagi tadbirlardan biri bo‘ldi. Tanlovda qatnashgan yosh musavvirlar giyohvandlikka qarshi kurashish, tengdoshlarini ushbu ofatdan asrash masalalariga ijodiy yondashuvni, sog‘lom hayotga bo‘lgan munosabatini o‘zlarining rang-barang asarlari orqali ko‘rsatib berdi.


Tanlov yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
O‘tkazilgan tadbirlar yoshlarni fidoyi, faol va ogoh bo‘lishga, giyohvandlik, korrupsiya illatlariga qarshi murosasiz kurashishga undadi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.