Yoshlar forumi: Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!
Yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, ularning kasbiy mahoratini oshirish va mamlakat taraqqiyotiga daxldorlik hissini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar Yangi O‘zbekistonda ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Bu borada energetika sohasida mehnat qilayotgan yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va tajribasini boyitish hamda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan Yoshlar forumi ana shunday muhim maydonlardan biriga aylandi.
30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Energetika vazirligi, O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ hamkorligida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu tadbirda turli hududlardagi issiqlik elektr stansiyalari va markazlarida faoliyat yuritayotgan 120 nafardan ortiq yosh mutaxassis ishtirok etdi.

Forumning asosiy maqsadi sohada mehnat qilayotgan yoshlarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish uchun qulay muloqot maydonini yaratish hamda istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.
Dastur mazmunan boy va rang-barang tadbirlarni qamrab oldi. Uch kun davomida ishtirokchilar uchun madaniy-ma’rifiy dasturlar, sport musobaqalari, intellektual tanlovlar, jamoaviy bellashuvlar, ochiq muloqotlar hamda soha rivojiga bag‘ishlangan uchrashuvlar tashkil etildi.

Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Dildora Hoshimova bunday forumlar yoshlarning kasbiy va shaxsiy rivojlanishida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
– Bugun mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Energetika sohasi ham bundan mustasno emas. Yoshlar forumi kabi tashabbuslar yosh mutaxassislarning o‘zaro tajriba almashishi, yangi g‘oyalar bilan chiqishi, jamoada ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlashi hamda sohaga daxldorlik hissini yanada oshirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bunday muloqot maydonlari kelajakda tarmoq rivojiga munosib hissa qo‘shadigan, zamonaviy fikrlaydigan va tashabbuskor kadrlarni shakllantirishga zamin yaratadi, – dedi D.Hoshimova.

Forum doirasida ichki turizmni rivojlantirish va ishtirokchilarning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini boyitish maqsadida poytaxtdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohat uyushtirildi. Yoshlar mazkur markaz faoliyati, xalqimizning boy tarixiy merosi, milliy va ma’naviy qadriyatlari bilan yaqindan tanishib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari haqida atroflicha ma’lumot oldi.
Shuningdek, ochiq muloqotlar davomida energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda sohada yoshlarning innovatsion g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olib, sohani yanada rivojlantirishga oid taklif va fikr-mulohazalarini bildirdi.

Forumning tantanali yopilish marosimida faol ishtirok etgan yoshlar munosib taqdirlandi. Tadbir davomida bunday forumlar sohada mehnat qilayotgan yoshlarning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotidagi o‘rni va mas’uliyatini yanada oshirish, ularni yangi g‘oya va tashabbuslarni amalga oshirishga rag‘batlantirish, kasbiy va shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash hamda malakali kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, energetika sohasida yosh kadrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun bilim va tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirish, istiqbolli loyihalarda faol ishtirokini ta’minlash hamda innovatsion g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish bundan buyon ham sohaning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qoladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA