Qo‘qon davlat universiteti va Xitoy instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Qo‘qon davlat universitetida Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Sian aeronavtika politexnika instituti (Xi'an Aeronautical Polytechnic Institute – XAPI) delegatsiyasining tashrifi doirasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir universitetning xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohalarida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yo‘lida navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
Delegatsiya tarkibidan XAPI Xalqaro hamkorlik va almashinuv direktori Lyu Chjiu, Aeronavtika ishlab chiqarish muhandisligi maktabi dekani Yao Juy, yangi energiya vositalarini qo‘llash va texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi rahbari Tyan Syaoxun, uchuvchisiz uchish apparatlari texnologiyalari bo‘yicha mutaxassis Kong Lin’in hamda institutning boshqa vakillari o‘rin oldi. Mehmonlarni Qo‘qon davlat universiteti rahbariyati, xalqaro hamkorlik va o‘quv ishlari bo‘yicha mas’ullar kutib oldi.
Tadbirning ochilish qismida Qo‘qon davlat universiteti rektori Dilnoza Xodjayeva so‘zga chiqib, keyingi yillarda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqaro hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidladi. Shuningdek, universitetning ilmiy salohiyati, zamonaviy ta’lim muhiti hamda xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng universitetlarning bugungi rivojlanish ko‘rsatkichlari, xalqaro reytinglardagi ishtiroki, qo‘shma ta’lim dasturlari, akademik almashinuv imkoniyatlari hamda istiqboldagi loyihalar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi. O‘z navbatida, XAPI delegatsiyasi rahbari Lyu Chjiu institut faoliyati, aeronavtika, muhandislik va innovatsion texnologiyalar yo‘nalishlaridagi tajribalar hamda Qo‘qon davlat universiteti bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflarni taqdim etdi.

Uchrashuvning eng muhim qismi hamkorlik loyihalariga bag‘ishlandi. Tomonlar o‘zaro manfaatli bo‘lgan bir qator istiqbolli tashabbuslarni muhokama qildi. Xususan, «Markaziy Osiyo dron akademiyasi», «Smart ipak yo‘li innovatsiya markazi» hamda «Kelajak muhandislari» dasturini tashkil etish bo‘yicha fikr almashildi. Ushbu tashabbuslar zamonaviy muhandislik ta’limini rivojlantirish, yoshlarning innovatsion salohiyatini oshirish, qo‘shma ilmiy izlanishlarni yo‘lga qo‘yish va xalqaro tajribalarni almashishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Texnik muhokamalar davomida uchuvchisiz uchish apparatlari texnologiyalari, aviatsiya ishlab chiqarishi, yashil energiya vositalari, zamonaviy muhandislik ta’limi va amaliyotga yo‘naltirilgan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish masalalari keng ko‘lamda ko‘rib chiqildi. Mutaxassislar ilmiy tadqiqotlar, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma laboratoriyalar tashkil etish hamda innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
Tadbirning eng muhim voqealaridan biri Qo‘qon davlat universiteti hamda Sian aeronavtika politexnika instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumining imzolanishi bo‘ldi. Mazkur hujjat ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar, akademik almashinuv, professor-oo‘qituvchilar malakasini oshirish hamda qo‘shma xalqaro loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA