Yoshlar bilan samimiy muloqot
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘i Z.Turdaliyevning yoshlar bilan navbatdagi uchrashuvi O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filialining 4-bosqich talabalari bilan bo‘ldi.
Uchrashuv davomida yoshlar bilan samimiy va ochiq muloqot tashkil etilib, bojxona organlarida xizmat qilishning mazmun-mohiyati, yuksak mas’uliyati, yurt ravnaqi yo‘lidagi o‘rni haqida batafsil tushuncha berildi. Shuningdek, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan imkoniyatlar va yosh kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj xususida ham fikr almashildi.

Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish barobarida, kelgusida bojxona sohasida faoliyat yuritish, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish kabi yuksak maqsadlar sari intilish ruhini his etdilar. Ayniqsa, sportchi yoshlar orasida bojxona xizmatiga bo‘lgan qiziqish sezilarli darajada oshganligi qayd etildi. Ular uchun intizom, mas’uliyat va jismoniy tayyorgarlik kabi fazilatlar ushbu sohada muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.

Bunday uchrashuvlar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni to‘g‘ri kasb tanlashga yo‘naltirish hamda Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.