Yosh parlamentariylar Samarqand forumi – dunyo yoshlarini birlashtiradigan xalqaro maydon bo‘ladi
O‘zbekiston Prezidenti Parlamentlararo ittifoqning Yosh parlamentariylar XII global konferensiyasini Samarqand shahrida o‘tkazish tashabbusini ilgari surgan. Shu asosda joriy yil 4-6-sentabr kunlari mazkur yirik xalqaro tadbirni tashkil etishga oid ishlar qizg‘in davom etmoqda.
Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi Laylo Aslanova bilan yoshlarning jamiyatda, parlamentda tutgan o‘rni, xalqaro hamkorlik, Samarqand forumi haqida suhbatlashdik.
– Yoshlar – jamiyatda kechayotgan jarayonlarning faol ishtirokchisi, yangi g‘oyalar tashabbuskori, qarorlar qabul qilinishiga ta’sir ko‘rsata oladigan katta kuchga aylanib bormoqda. Shu bois, yoshlarning siyosiy jarayonlarda, ayniqsa parlament faoliyatida ishtirokini kengaytirish masalasi dunyo miqyosida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu masalaning naqadar dolzarb ekanini raqamlarning o‘zi ko‘rsatadi. Parlamentlararo ittifoqning 2026-yilda e’lon qilingan ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining qariyb yarmini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etsa-da, milliy parlamentlardagi 30 yosh va undan kichik deputatlar ulushi bor-yo‘g‘i 2,8 foiz. Dunyo parlament palatalarining 37,1 foizida esa 30 yoshgacha bo‘lgan birorta ham parlament a’zosi yo‘q.
Bu raqamlar yoshlarning siyosiy vakilligi masalasi hali ham global kun tartibida turganini ko‘rsatadi.

– O‘zbekistonda yoshlarni parlament faoliyatiga jalb etish qanday yo‘lga qo‘yilgan?
– Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti 2020-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, uning tarkibi 100 nafar yigit va qizdan iborat. Ularning 84 nafari hududlardagi mahalliy kengashlar orqali, 16 nafari esa yoshlar bilan ishlash tizimi orqali shakllantirilgan.
Yoshlar parlamentining asosiy vazifasi – yoshlarning muammo va takliflarini parlament kun tartibiga olib chiqish, ularni qonun ijodkorligi jarayoniga jalb qilish hamda qabul qilinayotgan qarorlarga yoshlar nuqtai nazarini kiritishdir.
Yoshlar parlamenti a’zolari qonun loyihalari muhokamasida, qonunlarning hududlarda ijro etilishini o‘rganishda, parlament nazorati va tahliliy tadbirlarda, yoshlar bilan ochiq muloqotlarda ishtirok etmoqda. Ta’lim, bandlik, tadbirkorlik, ekologiya, raqamlashtirish, gender tenglik, sog‘lom turmush tarzi, huquqiy madaniyat kabi yo‘nalishlarda yoshlarning fikrlari o‘rganilib, tegishli davlat idoralariga takliflar kiritilmoqda.
Menimcha, Yoshlar parlamentining eng katta ahamiyati ham shunda: u yoshlarga tayyor qarorni yetkazib berish emas, balki ularning o‘zini qaror ishlab chiqish jarayoniga olib kirish imkonini beradi.

– Yoshlar parlamenti faoliyatida xalqaro hamkorlik qanday yo‘lga qo‘yilgan?
– Boshqa davlatlardagi yosh parlamentariylar bilan muloqot – faqat tajriba almashish emas, balki yangi g‘oyalarni qiyosiy tahlil qilish, samarali mexanizmlarni o‘rganish, mamlakatimiz tajribasini dunyoga ko‘rsatish va, eng muhimi, turli davlat yoshlari o‘rtasida ishonch muhitini yaratish imkoniyatidir.
O‘zbekiston yosh parlament vakillari turli xalqaro parlament platformalarida ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, 2026-yil may oyida Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan MDH Yoshlar parlamentlararo assambleyasi yig‘ilishida O‘zbekiston Yoshlar parlamenti vakillari ishtirok etdi. Shu bilan birga, Belarus yosh parlamentariylari bilan o‘zaro muloqotlar, shuningdek Germaniya yoshlari bilan hamkorlik yo‘nalishidagi aloqalar yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bunday uchrashuvlarda bir narsa yaqqol namoyon bo‘ladi: dunyoning turli mamlakatlarida yashayotgan yoshlarning muammolari ko‘p jihatdan o‘xshash. Sifatli ta’lim, munosib ish o‘rni, iqtisodiy mustaqillik, uy-joy, raqamli xavfsizlik, ekologik muammolar, ruhiy salomatlik, axborot xurujlari, teng imkoniyatlar va davlat qarorlarida o‘z ovoziga ega bo‘lish – bular bugun bir mamlakatgagina xos masalalar emas.
Shu ma’noda “yoshlar parlament diplomatiyasi” degan tushuncha tobora aniq mazmun kasb etmoqda. Yoshlar o‘rtasida muloqot umumiy muammolar atrofida birlashish va o‘zaro ishonchni shakllantirish barqaror munosabatlar uchun muhim poydevorga aylanmoqda.

– Yosh parlamentariylar XII global konferensiyasiga qanday tayyorgarlik ko‘rilmoqda? Forum qanday ahamiyatga ega bo‘ladi?
– Yosh parlamentariylar XII global konferensiyasining O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatimizda yoshlarni davlat va jamiyat boshqaruviga jalb etish bo‘yicha shakllangan tajribaning xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganidan dalolat beradi.
Forumning bu yilgi asosiy mavzusi — murakkab va ziddiyatli davrda inson huquqlari, adolat va inson qadr-qimmatini ta’minlashda yosh parlamentariylarning roliga bag‘ishlanadi.
Forumning bu galgi mavzusi ham tasodifiy emas. Bugun dunyo turli geosiyosiy ziddiyatlar, qurolli mojarolar, ijtimoiy tengsizlik, axborot tahdidlari va inson huquqlari bilan bog‘liq murakkab jarayonlarni boshdan kechirmoqda. Bunday sharoitda parlamentlar faqat qonun qabul qiluvchi institut sifatida emas, inson huquqlarini himoya qiluvchi, ijtimoiy adolatni ta’minlovchi va jamiyatdagi turli qatlamlar ovozini siyosiy qarorlarga olib kiruvchi mexanizm sifatida ham katta mas’uliyatga ega.
Yosh parlament a’zolarining bu jarayondagi o‘rni esa alohida. Chunki aynan yosh avlod texnologiyalardagi o‘zgarishlarni, mehnat bozorining yangi talablarini, iqlim muammolarini, sun’iy intellekt va raqamli muhit bilan bog‘liq xavflarni, ta’lim va imkoniyatlardagi tengsizlikni kundalik hayoti orqali ko‘radi.
Shuning uchun Samarqand konferensiyasidan kutilayotgan eng muhim natija, menimcha, turli mamlakatlardagi yosh parlamentariylar o‘rtasida doimiy hamkorlik tarmog‘ining kuchayishi, bir-birining qonunchilik amaliyotini o‘rganish va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish uchun yangi mexanizmlarning paydo bo‘lishidir.
Forum O‘zbekiston uchun o‘z tajribasini xalqaro hamjamiyatga taqdim etish imkoniyatidir. Yoshlar parlamenti, mahalliy kengashlar huzuridagi yoshlar tuzilmalari xalqaro tadbirga katta tayyorgarlik ko‘rmoqda.
O‘zbekistonga kelgan yosh parlamentariy mamlakatimiz haqida faqat rasmiy ma’lumot eshitib ketmasligi, balki bu yerdagi yoshlarning fikri, maqsadi va salohiyatini ko‘rishi kerak. O‘z navbatida, o‘zbekistonlik yoshlar ham dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan yosh siyosatchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, ularning tajribasini o‘rganish va ularga o‘z g‘oyalarini taqdim etishga hozirlik ko‘rmoqda.
Dunyo yosh parlament a’zolari Samarqand forumi – yoshlarni birlashtiradigan muhim xalqaro maydon vazifasini bajaradi.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova
suhbatlashdi.