“Yosh kitobxon” tanlovida Shahloxon yetakchi bo‘ldi
Urganchda Yoshlar ishlari agentligi hamda qator hamkor tashkilotlar tomonidan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning intellektual salohiyatini oshirish maqsadida o‘tkazilgan “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichida 20-30 yosh toifasidagi g‘oliblari e’lon qilindi.

Xorazm vohasining eng bilimdon va mutolaaga oshno yoshlari jamuljam bo‘lgan tanlov natijalariga ko‘ra, Bog‘otlik Guliston Allaberganova uchinchi, Urganch tumani vakilasi Dilnura Madaminova ikkinchi hamda Hazorasplik Shahloxon Ataboyeva birinchi o‘rinni egalladi.

Tantanali taqdirlash marosimida bilimga bo‘lgan chanqoqligi va kitobga bo‘lgan muhabbati barcha tengdoshlari uchun haqiqiy o‘rnak bo‘lgan g‘oliblar ko‘rsatgan yuksak natijalari bilan qutlanib, mukofotlar topshirildi.

Endilikda Shahloxon Ataboyeva tanlovning respublika bosqichida viloyat kitobxonlarining sha’nini himoya qiladi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA