Yosh fiziklar bellashuvi: Farg‘ona xalqaro ilm-fan maydoniga aylandi
Keyingi yillarda O‘zbekiston vakillarining xalqaro fan olimpiadalarida erishayotgan yuksak zafarlari jahon ilmiy hamjamiyatining mamlakatimizga bo‘lgan e’tiborini sezilarli darajada oshirdi. Xususan, 2025-yilda Samarqand mezbonlik qilgan aniq fanlar bellashuvidan so‘ng, navbatdagi yirik anjuman Farg‘ona viloyatida start oldi.
Farg‘ona shahridagi “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi bazasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)ga a’zo mamlakatlar harbiy litseylari o‘quvchilari o‘rtasida fizika fani bo‘yicha 2026-yilgi xalqaro olimpiadaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Xorijiy delegatsiyalar va ishtirokchilar o‘zbekona milliy an’analarga xos samimiyat va yuksak ehtirom bilan kutib olindi.

Mazkur xalqaro olimpiada yosh avlod o‘rtasida ilm-fanga, xususan, fizika faniga bo‘lgan qiziqishni yangi bosqichga olib chiqish, iqtidorli yoshlarning nazariy va amaliy bilimlarini xalqaro mezonlar asosida sinovdan o‘tkazish uchun o‘ziga xos intellektual maydondir. Shu bilan birga, bu kabi nufuzli musobaqalar turli davlatlar yoshlari o‘rtasida o‘zaro do‘stlik, madaniy aloqalar va ilmiy hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan yosh fiziklar bellashuviga rasman start berildi. Ikki kun davom etadigan musobaqa davomida ishtirokchilar nafaqat o‘z bilimlarini namoyish etadi, balki o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA