Talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot
Prezidentimiz tashabbusi bilan haftaning har payshanba kuni yurtimizda yoshlar muammolarini o‘rganish va ular bilan ishlash kuni etib belgilangan. Payshanba — “Yoshlar kuni” doirasida barcha mas’ul rahbarlar bevosita yoshlar bilan uchrashib, samimiy muloqotlar o‘tkazmoqda.
Shunga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev poytaxtimizdagi “Central Asian university” talabalari bilan uchrashdi.

Ochiq va samimiy suhbat davomida yigit-qizlar yurtimiz yoshlar siyosatidagi so‘nggi o‘zgarishlar, qabul qilinayotgan yangi qonunlar hamda yoshlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan barcha dolzarb savollarga batafsil javob olishdi.
Bu kabi uchrashuvlardan asosiy maqsad kelajagimiz poydevori bo‘lgan yoshlarni yurtimiz va dunyodagi ijtimoiy o‘zgarishlarga daxldor qilish, ularning yangi takliflarini tinglash hamda ilg‘or g‘oyalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA