Yorqin kelajak sari ishonchli qadam
Mamlakatimizda maktab ta’limini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, o‘quvchilarni xorijiy tillar, aniq va tabiiy fanlarga keng jalb etish, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu e’tibor va g‘amxo‘rlik Buxoro viloyati misolida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Joriy 2025–2026 o‘quv yilida Buxoro viloyatidagi umumta’lim maktablarining 11-sinfini 22 ming 257 nafar o‘quvchi tamomlamoqda. Quvonarlisi, ularning 17 ming 321 nafari oliy ta’lim muassasalariga kirish istagini bildirgan. Bu esa yoshlarimiz orasida bilim olishga intilish, kasb egallash va kelajakka ishonch bilan qarash tobora kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
Ayni paytda bitiruvchilar tomonidan turli fan yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori natijalar qayd etilmoqda. Jumladan, 6398 ta majburiy fanlardan, 6913 ta asosiy fanlardan, 4391 ta xorijiy tillar bo‘yicha jami 17 ming 702 ta milliy va xalqaro sertifikat qo‘lga kiritildi.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor To‘yevning ta’kidlashicha, eng e’tiborli jihati shundaki, bitiruvchilarning 1482 nafari tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha zarur fanlardan yuqori natijalarni qayd etib, sertifikatlar asosida maktab davridayoq muddatidan oldin talabalikka erishdi.
Shuningdek, ular orasida dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga grant asosida qabul qilingan iqtidorli yoshlar ham borligi quvonarli. Bu esa Buxoro yoshlarining bilim va salohiyati xalqaro maydonda ham munosib baholanayotganidan dalolat beradi.
Mazkur yutuqlar ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, maktablarda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, pedagoglarning fidokorona mehnati hamda ota-onalarning qo‘llab-quvvatlashi samarasidir. Eng muhimi, bu natijalar yoshlarning aniq maqsad bilan yashab, o‘z kelajagini bilim orqali barpo etayotganini anglatadi.
Bugungi bitiruvchilar ertangi kunning muhandisi, shifokori, o‘qituvchisi, tadbirkori va Vatan taraqqiyotini ta’minlovchi kuchdir. Shu ma’noda, Buxoro viloyati yoshlarining bugungi muvaffaqiyatlari mamlakatimizning yorqin kelajagiga ishonchni yanada mustahkamlaydi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.