Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi kuchaytiriladi
Mamlakatimizda yong‘inlarning oldini olish hamda yong‘in xavfsizligi sohasidagi davlat nazoratini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli choralar ko‘rilmoqda.
Bunda, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini ishonchli himoya qilishga alohida e’tibor berilib, bu borada yaxlit yong‘in xavfsizligi tizimini yaratish ishlari amalga oshirilmoqda.

Yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni kuchaytirish bilan bir qatorda yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish zarurati ham mavjud.
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yong‘inlarning oldini olish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi jarayonida shu haqda gap bordi.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi kuchaytirilishini qayd etdi.

“Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunga davlat yong‘in nazorati organlarining vakolatlari aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilmoqda.
Qonunning 6-moddasi to‘ldirilmoqda. Jumladan, Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yong‘inlar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning hamda aholining hayotiga va sog‘lig‘iga boshqacha tarzda muqarrar xavf paydo bo‘lishining oldi olinishi munosabati bilan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qonunchilikda belgilangan tartibda to‘xtatib turish vakolati berilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun yong‘inlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun huquqiy ta’sir choralari yanada samarali qo‘llanilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA