Bahodir Jo‘rayev: Energetika sohasi har bir mutaxassisdan yuksak bilim, mas’uliyat va fidoyilik talab etadi (+video)
Bugun “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruvi raisi Bahodir Jo‘rayev tizimda faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Unda qayd etilganidek, yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan eng ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan bo‘lib, bu borada izchil va maqsadli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda yurtimiz aholisining qariyb 60 foizini, ya’ni 22 milliondan ortiq qismini yoshlar tashkil etishi mazkur yo‘nalishning naqadar muhim ekanini yaqqol namoyon etadi. Shu bois, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida qaraladi.
Hozirgi kunda ushbu jamiyat tizimida 10 ming 397 nafar ishchi-xizmatchi yurtimiz aholisini uzluksiz va ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlash yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Ulardan 8 ming 287 nafari erkak, 2 ming 110 nafari xotin-qiz bo‘lib, 1 ming 527 nafarini, ya’ni 14 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.
–Albatta, energetika sohasi mashaqqatli, biroq ayni paytda nihoyatda sharafli va mas’uliyatli soha. Chunki ushbu tarmoq mamlakat iqtisodiyoti barqarorligi va aholi farovonligini ta’minlashda hal qiluvchi o‘rin tutadi. Shu bois, ushbu sohada faoliyat yuritayotgan har bir mutaxassisdan yuksak bilim, mas’uliyat va fidoyilik talab etiladi.
Shu nuqtai nazardan, tarmoqda bilimli, tashabbuskor va intiluvchan yoshlarning ishtirokini yanada kengaytirishni ustuvor vazifa sifatida belgilaganmiz. Yosh kadrlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, innovatsion yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishi sohaning kelgusi taraqqiyotini belgilab beradi. Shuningdek, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, malakasini oshirish va rahbarlik salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Zero, barqaror ishlab chiqarish jarayoni, avvalo, yuqori malakali va o‘z kasbiga sadoqatli kadrlarga tayanadi. Biz ana shunday kadrlar zaxirasini shakllantirish natijasida tarmoqda uzluksizlik va samaradorlikni ta’minlashni maqsad qilganmiz. Kelgusida ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ishlar izchil davom ettiriladi, – dedi boshqaruv raisi.
Muloqotda yoshlarga berilayotgan ishonch va imkoniyatlar haqida ham aytib o‘tildi. Unga ko‘ra, bugungi kunda tizimda 33 nafar yosh mutaxassis rahbar lavozimlarida faoliyat yuritmoqda. Faqat o‘tgan yilning o‘zida tizim korxonalarida faoliyat yuritayotgan 3 ming 40 nafar xodim respublikadagi turli o‘quv markazlarida malaka oshirdi. Shuningdek, 112 nafar xodim stansiyalar o‘rtasida tajriba almashish maqsadida xizmat safarlariga yuborildi.
Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda yoshlar o‘z taklif va tashabbuslarini ilgari surdi. Ko‘tarilgan har bir masala atroflicha muhokama qilinib, ularning yechimi bo‘yicha tegishli mas’ullarga aniq vazifa va topshiriqlar berildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4GZT8r73QRQ" title="Bahodir Jo‘rayev: Energetika sohasi har bir mutaxassisdan yuksak bilim, mas’uliyat talab etadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva, Yoqub Meliboyev (video), O‘zA