Yevropa Ukraina muzokarasi uchun format tayyorlamoqda
Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya Tramp ma’muriyati Yevropa davlatlarini Rossiya – Ukraina nizosini bartaraf etish bo‘yicha muzokara jarayonidan chetlashtirishi mumkinligidan xavotirlanib, mojaroni hal qilish uchun alohida muzokara formati yaratish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda “The New York Times” gazetasi Yevropa rasmiylariga tayanib xabar berdi.
Parij va Berlin qit’aning umumiy qarashini shakllantirishga yetakchilik qilayotgani ta’kidlangan. London ham jarayondan chetda emas, faqat Vashington bilan munosabat yomonlashishidan xavotir tufayli ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda.
Yevropalik diplomatlar fikricha, Ukrainaning kelajagi va Rossiya bilan munosabat ko‘hna qit’a uchun juda muhim. Binobarin, YeI Moskva bilan muzokara baribir Qo‘shma Shtatlar vositachiligida kechishini tan olmoqda.
– Asosiy vazifamiz ehtimoliy kelishuvga Yevropa ishtirokisiz erishilmasligini ta’minlash, – deya uch davlat yondashuvi ta’rifini keltirgan gazeta.
S.Rahimov, O‘zA