Polsha: uyqudagi boshqaruv 12 kishining umriga zomin bo‘ldi
Yakshanba tongida Polshaga tegishli sayyohlik avtobusi Vengriyadagi M3 avtomagistralida yo‘ldan chiqib ketib, chuqurlikka ag‘darilgan. Hodisa Mezyokerestesh shahri yaqinida, Budapeshtdan qariyb 140 kilometr masofada sodir bo‘lgan. Avtobusda 57 yo‘lovchi, ikki haydovchi bor edi.
Falokat oqibatida 11 inson voqea joyida, yana bir yo‘lovchi shifoxonada vafot etgan. 10 kishi og‘ir jarohatlangan. Ularning besh nafari o‘ta og‘ir ahvolda. 37 odam yengil tan jarohati bilan yaqin atrofdagi to‘rt shahar shifoxonalariga olib ketilgan.
Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, avtobus Serbiyadan qaytayotgan ziyoratchilarni olib kelayotgan edi. Vengriya ichki ishlar vaziri Gabor Poshfay haydovchi hibsga olingani, u boshqaruv chog‘ida uxlab qolgani sabab falokat yuz berganini aytgan.
Hukumat jabrlanganlarga tibbiy va konsullik yordami ko‘rsatish uchun voqea joyiga maxsus samolyot yubordi. Bu haqda Bosh vazir Donald Tusk ma’lum qilgan.
Bu Vengriyada 2003-yildan buyon eng ko‘p qurbon berilgan yo‘l-transport hodisasidir.
Musulmon Ziyo, O‘zA